Joriy yilda Buxoro viloyatidagi barcha ta’lim muassasalarida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Jarayonda tashqi devorlarni ta’mirlash, sinflarni jihozlash, sport zal va oshxonani tayyorlash, singan oynalarni almashtirish, hojatxonalarni sanitariya-gigiyena talablariga moslashtirish, tom qismlarini ta’mirlash, isitish tizimini mavsumga tayyorlash ishlari barcha maktablarda bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Ushbu maqsadlar uchun mahalliy byudjet hisobidan 4,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
– Ayni paytda mavjud maktablarning 32 tasi markazlashgan issiqlik tizimida, 6 tasi elektr energiyasida, 136 ta tabiiy gazda, 359 tasi ko‘mir yoqilg‘isida, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining esa 36 tasi markazlashgan issiqlik tizimida, 5 tasi elektr energiyasida, 168 ta tabiiy gaz, 279 tasi ko‘mir yoqilg‘isida isitiladi, – deydi Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elbek Hamidov. – Bugungi kunda viloyatdagi ko‘mir bilan isitiladigan ta’lim tashkilotlariga jami 14 575 tonna ko‘mir yetkazib berildi. Ta’lim tashkilotlaridagi yaroqsiz holga kelgan 250 ta issiqlik qozonlari yangisiga almashtirildi. Buning uchun mahalliy byudjetdan 5,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” 2024 yil (1-mavsum)da g‘olib deb topilgan 9 ta umumta’lim maktablariga kuz-qish mavsumi uchun jami 11,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish va energiya samaradorligini oshirish maqsadida ayni paytga qadar 248 ta gaz yoqilg‘isida ishlaydigan issiqlik qozonlariga tejamkor gorelkalar o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yilda qolgan issiqlik qozonlariga ham 696 ta qo‘shimcha tejamkor gorelkalar o‘rnatilgan.
Elektr energiyasini tejash hamda ta’lim tashkilotlarini muqobil elektr energiya bilan ta’minlash maqsadida 632 ta muassasaga 4174,6 KvT quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan.

Ayni paytda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan maxsus ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, mazkur guruh viloyatdagi ta’lim muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini doimiy nazorat qilib kelmoqda. Jarayonda mavjud kamchilik va muammolarni aniqlab, ularni o‘z vaqtida tezkorlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilgan.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.