Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim amaliyot bilan uyg‘un bo‘lsin
14:02 / 2024-05-14

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sadoqat Siddiqova bilan suhbatimiz kadrlar tayyorlashdagi ayrim muammolar xususida bo‘ldi.

–Yaratuvchanlikka tashnalik, yangi marralarni zabt etish, sohada inqilob qilishga intilishni  ko‘pchilik muhandislar tabiatida kuzatish mumkin. Chunki aksariyat insonlar  hamisha yangi narsalarga qiziqish  bilan yashaydi.  

Bugun dunyoning eng boy odami ham, insoniyat tafakkuridan ancha ildamlab ketayotganlar ham biz tilga olayotgan muhandislardir.  Har bir mavjud narsa  puxta bilim va yaratuvchanlik zavqi va shijoati mahsulidir. Oddiygina misol, Yaponiya deganda hech kim avvalo dengizni ko‘z oldiga keltirmaydi. Sababi ular o‘zlarini insoniyatga buyuk yaratuvchilar, texnologik mahorat sohiblari sifatida tanishtira olgan. Shu jumladan, har bir mamlakatning asosiy xazinasi innovator va yaratuvchi yoshlar, fuqarolardir. Muhandislik ahamiyati juda yuqoriligini inobatga olsak, O‘zbekistonda ham kuchli muhandislar yetishtirib chiqarish kelajagimizni belgilab beradi.  

Germaniya oliy ta’lim tizimining muhim xususiyati shundaki, u yerda ta’lim o‘zining amaliyligi va tizimliligi bilan ajralib turadi. Nemis muhandislik ta’limi ajoyib xalqaro obro‘ga ega. Yaxshi ish va keyingi tadqiqot uchun imkoniyatlar mavjud. Xususan, talabalar standart dasturni muayyan maxsus mavzular bo‘yicha qo‘shimcha kurslar orqali kengaytirishlari ham mumkin. Majburiy kurs loyihalari va bakalavriat dissertatsiyalari ustida ishlash jarayonida yoshlar amaliy sohalar va tadqiqot muammolari bilan shug‘ullanadi. Buning uchun talabalar kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Amaliy ko‘nikmalar ish beruvchilar tomonidan yuqori baholanadi. Shu sababli ular o‘qish davomida korxonalarda amaliyot o‘tab, ishlashga harakat qilishadi. Germaniyada ta’limning muvaffaqiyati dual ta’lim bilan bevosita bog‘liq. Yoshlar korxonalarda ishlab chiqarish jarayonida kasbiy ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lishadi. Talabalar  ishlab, maosh ham olishadi.              

Avvalo sifatli ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Muhandis bo‘lish uchun esa amaliyot beqiyos ahamiyatga ega. Ammo bizda ko‘pincha teskarisi bo‘ladi. O‘qituvchi ishlab chiqarishdan xabari bo‘lmay turib dars o‘tadi, talabalardan esa amaliy ko‘nikmalarni ham talab qiladi. Muhandislar, texnologlarning vazifasi ishlab chiqarish korxonalariga yangi texnologiyalarni olib kirishdan iborat bo‘lishi kerak. Bizda esa bu tizim deyarli ishlamaydi. Axir, ishlab chiqarishdagi vaziyatni, muammolarni bilmay turib texnologiya yaratish haqida qanday gap bo‘lishi mumkin?!

Xususiy korxonalar, davlat tashkilotlari oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ish olib borishi zarur. Talabalarni tajribali mutaxassislarga biriktirib, ish ko‘nikmalarini va mahoratini oshirib borsakgina muhim natijalarga erisha olamiz.

Yana bir muammoli masalalardan biri ta’lim metodologiyasi va pedagog salohiyatidir. Agar pedagog muhandis kabi dars bersa-yu, nazariy bilimlarning amaliy asosini bilmasa, talabaga ham  yetarli tushuncha  berolmaydi. Avvalo, pedagog- ustozlar malakasini oshirish, aynan ishlab chiqarish jarayonining o‘zida jonli darslar tashkil qilishga o‘rganish lozim, deb bilaman. Shu o‘rinda jo‘yali bir taklifni ilgari surmoqchiman. Birinchidan, muhandislarga ta’lim beruvchi pedagoglar bir yil ishlab chiqarishda parallel tarzda ishlashi kerak. Ayni vaqtda dars berib turgan o‘qituvchilarga malaka oshirish kurslari tashkil qilinib, jarayon ishlab chiqarish korxonalarining o‘zida amalga oshirilishi lozim.

Ikkinchidan, nazariy darsliklarni ham amaliy tahlillar bilan boyitish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki muhandislik amaliyot bilan tirik. Biz shunday tizim yarataylikki, yoshlarimiz chet elda o‘qib, yurtiga qaytish ishqi bilan yashasin. Ta’limni amaliyot bilan uzviy bog‘lash darkor. Amaliyotsiz ta’lim  malakali kadrlarni kam beradi. Shu sabab  qat’iyat bilan birlashsak, hamkorlik yo‘llarini izlasak, koni foyda bo‘ladi. Umid qilamanki, yurtimizdan dunyoni lol qoldiradigan ixtirochilar yetishib chiqadi .

O‘zA muxbiri Zarif Komilov yozib oldi.