-
Aks-sado
– Men Kamoliddin Toshtemirov 2008-yil 31-yanvarda Farg‘ona viloyat Farg‘ona tumanida tug‘ilganman. Hozir Farg‘ona tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisiman. Men Amerika "Wingate" universitetining 114 ming dollarlik grantini yutib oldim. Ushbu grantni yutishimga yetarli sharoit yaratib bergan davlatimiz rahbari, ustozlarimdan minnatdorman.
Ha, Farg‘ona tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf o‘quvchisi Kamoliddin Toshtemirov xalqaro miqyosda yuksak natijaga erishdi. U Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan birining muddatidan avval o‘qishga qabul qilingan talabasi bo‘ldi.
Bugun Toshkent shahridagi “Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston kelajagi bilimli yoshlar qo‘lida ekanini yana bir bor ta’kidladi. Bunda yoshlar xorijiy tillarni mukammal o‘rganishining ahamiyatini alohida ta’kidlab, davlat ularni qo‘llab-quvvatlashga yanada kengroq e’tibor qaratadi, dedi.
– Xorijiy til sertifikatini olgan yoshlarga imtihon va o‘qish xarajatini qoplash yo‘lga qo‘yilgani katta samara berdi. Sertifikatga ega yoshlar 600 mingdan oshdi. Eng muhimi, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 mingta instruktor paydo bo‘ldi, – dedi davlat rahbari. –Yaratilgan sharoitlar hisobiga xususiy o‘quv markazlarining soni 3 karra ko‘payib, 38 mingdan oshdi.
Bunday markazlarning o‘qituvchilarini Yoshlar ishlari agentligi hisobidan AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
Demak, hali yurtimizda farg‘onalik Kamoliddin Toshtemirov kabi yoshlar soni ko‘payib boraveradi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA