English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talablar tizimda halollik, professionallik va xizmat odobini ta’minlaydi
14:46 / 2026-02-20

Zamonaviy iqtisodiy muhitda tashkilot va muassasalarning barqaror rivojlanishi avvalo inson kapitali sifati va salohiyatiga bog‘liq.

Texnologik jarayonlar tez sur’at bilan o‘zgarib, raqamlashtirish va boshqaruv usullari takomillashib borayotganligi davlat organlaridan yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni talab etadi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tizimida kadrlar siyosati ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yilgan.

–   Sirdaryo viloyati soliq xizmati organlarida hozirda 315 nafar xodim faoliyat yuritmoqda,  –  deydi Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Ilg‘or Xalilov.  –  Ular orasida 36 nafari ayollar bo‘lib, bu jamoada gender muvozanati va xotin-qizlarning faol ishtiroki ta’minlanayotganini ko‘rsatadi. Kadrlar bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichlari ham ijobiy dinamikada: 2025-yil boshida 23 ta shtat vakant bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil boshiga kelib bu raqam 15 tagacha kamaydi — ya’ni bir yilda vakant o‘rinlar soni 8 taga qisqardi. Bu esa amalga oshirilayotgan maqsadli kadrlar siyosati samaradorligini ochiq ko‘rsatadi.

Soliq xizmati organlariga ishga qabul qilish jarayoni to‘liq elektron shaklda, vacancy.gov.uz portali orqali amalga oshirilmoqda.  Bu mexanizm ochiqlik va shaffoflikni ta’minlab, munosib nomzodlarni tanlov asosida saralab olish imkonini beradi. Qabul qilinayotgan nomzodlardan iqtisod yoki huquq sohalari bo‘yicha oliy ma’lumot, O‘zbekiston fuqaroligi, huquqiy layoqat va ishchanlik obro‘si talab etiladi. Jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan, huquqiy layoqatsiz deb topilgan yoki mehnat qonunchiligi asosida ishdan bo‘shatilgan shaxslar qabul qilinmaydi. Bu talablar tizimda halollik, professionallik va xizmat odobini ta’minlaydi.

–   Malaka oshirish jarayonlari ham izchil yo‘lga qo‘yilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, har bir xodim kamida uch yilda bir marotaba malaka oshirishi shart. 2025-yil davomida xodimlarning qariyb 40 foizi turli o‘quv kurslarida ishtirok etdi. Natijada ish faoliyatidagi xatoliklar ikki baravarga kamaydi, xodimlarning o‘rtacha soliq yig‘ish ko‘rsatkichi esa 22 foizga oshdi,  –   deya ta’kidlaydi Ilg‘or Xalilov.

Yil davomida qator o‘quv va amaliy seminarlar ham tashkil etildi. Jumladan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 23 nafar xodim “Korxonabay tizimi” bo‘yicha bilimlarini mustahkamladi. Yangi raqamli instrumentlar yuzasidan o‘tkazilgan sayyor o‘quv kurslarida 15 nafar murabbiy 20 nafar xodim bilan amaliy mashg‘ulotlar olib bordi. Xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan 11 ta seminarda 100 nafar xodim ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar raqamli iqtisodiyot talablariga mos, tahlil qila oladigan va zamonaviy yondashuvlarga ega mutaxassislarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Malaka oshirish kurslari nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlaydi, balki ish sifati va unumdorligini oshiradi, xodimlarning o‘z kasbiga bo‘lgan ishonchini kuchaytiradi, tashkilotga sadoqat va mas’uliyat hissini mustahkamlaydi. Natijada xizmat ko‘rsatish madaniyati yuksalib, soliq to‘lovchilar bilan munosabatlar yanada yaxshilanmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri