Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida talabalar uchun joriy etilgan ijtimoiy-psixologik pasport haqida turli fikr va munosabatlar bildirilmoqda. “Bunday pasport aslida kerakmi?” degan fikrlar ham bor. Talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti nima, u nima uchun yuritiladi, qanday muammoni hal etadi, kabi savollar haqiqatdan ham ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
Shu o‘rinda talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti nima, uning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tsak.
Agar tarixga nazar tashlasak talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti dastlab 20-asrning boshlarida, aniqrog‘i 1909 yilda Angliyaning Kembridj universiteti professori Djon Tomson tomonidan joriy qilingan. Talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti bir necha bor takomillashtirilgan. Unda talabaga oid ijtimoiy-psixologik ma’lumotlar jamlanadi. Jahon tajribalaridan kelib chiqib yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida ham ana shunday pasport yuritilishi joriy etilmoqda.
Bir necha yildirki respublikamizda abituriyentlarga yaratilgan qulaylik va imtiyozlar tufayli ularning oliy ta’lim muassasalariga onlayn tartibda hujjat topshirishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, abiturentning salomatligi, ruhiy holati haqida ma’lumot beradigan tibbiy ma’lumotnoma – “086-U forma” ham bekor qilingan. Endi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan yoshlarning salomatligi, psixofiziologik holati, xarakter xususiyatlarini o‘rganish albatta, muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, ta’lim jarayonida tashqi ta’sirlarga javob reaksiyasi turlicha bo‘lgan talabalar bilan psixodiagnostik ishlar olib boriladi. Talabaning baxtsiz tasodiflar sabab jiddiy shikastlanishi, yaqin insonlarini yo‘qotishi va boshqa sabablar bilan hayotda yuz berishi mumkin bo‘lgan ruhiy holatlarga tushib qolishi tabiiy jarayon. Ana shunday holatlarda talaba bilan bevosita ishlash, uning ijtimoiy-psixologik kartasini yuritish yanada muhimdir.
Talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti so‘rovnomasini doimiy ravishda qo‘shimchalar bilan to‘ldirib boriladi. Shuningdek, ijtimoiy-psixologik pasport talaba xulq-atvori va ruhiy holati, ruhiyati bilan bog‘liq jarayonlarning yosh qonuniyatlari, kasbiy bilimi, o‘qituvchilar, tengdoshlari bilan o‘zaro munosabati xususiyatlari va qobiliyatlarini aniqlash va bilishga yaqindan yordam beradi.
Talaba ruhiyati, xatti-harakatidagi me’yordan chiqishlarning ehtimolli sabablari psixologik-pedagogik korreksiya qilish orqali belgilab boriladi. Pasportdagi ma’lumotlar oliy o‘quv yurtidagi ta’lim sifati va o‘quv-tarbiya ishlari samaradorligini oshirishga, talabaning ijodiy faol shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Ana shu jarayondagi ma’lumotlarni jamlab boradi.
Talabaning ijtimoiy-psixologik pasportida qayd etib boriladigan ma’lumotlar talabaning shaxs sifatida shakllanishi, jismonan faol, ruhiy barkamol kamolga yetishi, intellektual salohiyatini yuksalishiga, shuningdek, ruhiyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan psixologik nuqsonlar va buzilishlarning o‘z vaqtida oldini olish, muayyan sharoitga moslashishiga, salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishiga, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, ota-onasi o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarning, oilaviy nizolarning ildizini o‘rganish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil qilish, favqulodda vaziyatlarni yengillashtirishga, huquqbuzarlik va jinoyatga moyilligi bo‘lgan, xulqida salbiy o‘zgarishlar yuzaga kelgan talabalarni aniqlash, ularning ruhiy holatini barqarorlashtirishga yordam beradi.
Jahon tajribasidan ma’lumki, talabaning ijtimoiy-psixologik pasporti psixologlar, ta’lim muassasalari, ish beruvchilar uchun qo‘llanma hisoblanadi. Shu o‘rinda psixologik so‘rovnomalarning o‘tkazilishi nafaqat talabaning o‘quv jarayonida yoki shaxsiy hayotidagi ruhiy holatini o‘rganib borishda, balki jamiyat istiqboli uchun xizmat qiladigan yetuk kadrlar tayyorlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
A’zamjon HAMRAQULOV,
Andijon davlat universiteti Yoshlar masalalari
va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor.
O‘zA