Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabani kim ishga oladi?
18:00 / 2022-09-08

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlarini bitirgan talabalar soni 103,9 ming nafarni tashkil etgan.

Bir yilda shuncha talaba oliy o‘quv yurtini tamomlagan ekan, ularning necha foizi o‘z sohasi bo‘yicha ishlaydi? Talabalarning o‘z sohasi bo‘yicha ishlash uchun tajribalari bormi yoki tashkilotga “osmondan tushgan”day kirib boradimi?

“Talabalar hayotidan” rukni ostida O‘zAda tashkil etilgan yangi loyiha davomida shu kabi savollarga javob olamiz.

Joriy yilning fevral oyida oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan uchrashuvda OTMlarda 2-kursdan boshlab o‘z sohasida ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishini ma’lum qilib, OTMlarda ta’lim jarayoni 70 foiz amaliyotga o‘tishi kerakligini ta’kidlagan edi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yilning 4 mart kuni oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida 100 mingga yaqin talaba ishlashni xohlashi, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni borligi qayd etilib, ishga muhtoj talabalar bilan ishlamagani uchun hokim va rektorlar tanqid qilingan edi.

Xo‘sh, bugun oliy o‘quv yurtida ham o‘qib ham ishlashga ehtiyoji bor talabalar amaliyot o‘tash uchun qaysi tashkilotlarga borishadi? Mazkur tashkilot ularni pulli amaliyotga qo‘yadimi? Yoki...

Bizning shu kabi savollarimizga javob beruvchi nishonimizdagi ilk oliy o‘quv yurti Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bo‘ldi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2022 yil 4 mart kuni oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Karera markazi boshlig‘i Valijon Karimov.

Xususan, vazirliklar, tijorat banklari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi va imzolanmoqda. Buning natijasi o‘laroq ko‘plab talaba va bitiruvchilar ish bilan ta’minlandi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa vazirliklar hamda Markaziy bank, Turonbank, Asakabank, Milliy bank va boshqa tijorat banklari, Toshkent metallurgiya zavodi, Texnopark, Artel, Premer, Asklepiy kabi ishlab chiqarish korxonalari, KPMG, Roodell, Mexmash va boshqa xususiy tashkilotlar bilan hamkorlik ishlarini olib boradi.

Ushbu hamkorlik doirasida talabalarni ishga joylashtirish, amaliyotga jo‘natish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Markaziy bank tomonidan TDIU bitiruvchi kurs va magistratura talabalari uchun Markaziy bank stipendiyasiga tanlov e’lon qilindi. Bundan tashqari, hamkorlik natijasida Moliya vazirligi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida muzokaralar olib borilib, tashkilotlarda amaliyotni tugatgan talabalar uchun pullik malaka oshirish tashkil qilinmoqda. Malaka oshirish yakunida yosh mutaxassislarni ishda olib qolinishi maqsad qilingan.

Ayni vaqtda Moliya vazirligi shartnomalarida belgilangan muddatlarni o‘quv rejalaridagi amaliyot davriga muvofiqlashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi va dastlabki natijalar, kelishuvlar mavjud hamda uning viloyatlardagi boshqarmalarida ham pullik malaka oshirish(stajirovka)lar joriy qilinmoqda. Shu jumladan, Turon bank tomonidan eng yuqori natija bilan davlat granti asosida qabul qilingan talabalarni amaliyotga olish va to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar bilan to‘lov kontraktini to‘lab berish to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda.

Talabalar 1-2 kurs davrida bankda amaliyot o‘tab, 3-4 kursda 0,5 stavkaga ishga qabul qilinganlar. 2022/2023 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining maxsus stipendiyasiga tanlov e’lon qilindi. Markaziy bank xodimlari 20 sentyabr kuni universitetga tashrif buyurishadi. Bank ishi, iqtisodiyot, banklarda buxgalteriya hisobi, makroiqtisodiyot, statistika yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriatning kunduzgi 4-kursida hamda magistraturada ta’lim olayotgan talabalar ushbu tanlovda ishtirok etishlari mumkin.

Yuqoridagilardan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda joriy yilning sentyabr oyida “Frilanserlik – kelajak kasbi” mavzusida forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu tadbir talabalar masofaviy tarzda ishlashni o‘rganishlari uchun tashkil qilinmoqda.

Mutaxassis fikriga shularni qo‘shimcha qilish mumkinki, talabalarni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tashkilotlarga biriktirish kelgusida sifatli kadr yetishtirish tajribasini beradi. Talaba to oliy o‘quv yurtini bitirgunicha ish stajiga ega bo‘ladi va qo‘liga diplomini olib, istagan korxonasiga qo‘rqmasdan ish so‘rab borishi mumkin.

Ha, yana bir gap. Agar tashkilotda malaka oshirayotgan yoki 0,5 stavkada ishlayotgan talabaning qilgan ishiga yarasha maosh ajratilsa bu rag‘bat uni yanayam fidoyilik bilan ishlashiga turtki beradi.

Nigora Rahmonova, O‘zA