Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Talabalik bahori” yoshlar festivalida afg‘onistonlik yigit-qizlar mehmon bo‘ldi
19:42 / 2022-06-02

Surxondaryo viloyatidagi eng yirik oliy o‘quv muassasasi – Termiz davlat universitetida “Talabalik bahori” yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Talaba-yoshlar uchun o‘ziga xos bayramga aylangan tadbirda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori R.To‘rayev, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O.Shofiyev va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, talabalarning o‘qib, izlanishi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar haqida atroflicha fikr yuritdi.

Ayni paytda Termiz davlat universitetining kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlarida qariyb 26 ming talaba ta’lim olmoqda. Ularning o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rganishlari uchun barcha sharoit mavjud. Shuningdek, jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol kamolga yetishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun turli klub va to‘garaklar faoliyat yuritmoqda.

–Klub va to‘garaklarda faol ishtirok etayotgan iqtidorli talaba- yoshlarimiz o‘z salohiyatini keng namoyon etib, nomdor stipendiyalar tanlovlarida g‘olib bo‘lmoqda, – deydi Termiz davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Obid Shofiyev. – Nufuzli sport musobaqalari, festival va ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Bularning barchasi so‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasi shu jumladan, talabalarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir.

Mazkur festival ham talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, yoshlarning badiiy salohiyatini rivojlantirish, teatr, musiqa san’at, xalq an’analari hamda badiiy adabiyotga qiziqishini yanada oshirish, ta’lim olayotgan turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yana mustahkamlashga yo‘naltirilgani bilan tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, “Xon atlas jilosi” milliy liboslar namoyishi, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalarining chiqishlari, qiziqarli bellashuvlarga boy bo‘lgan sport musobaqalari, zakovat intellektual o‘yini, velomarafon, “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” nomli esselar, “Mening universitetim” nomli rasmlar va “Kitobxonlik” tanlovlari barchaga manzur bo‘ldi.

Festivalda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi direktori Oybek Ro‘ziyev boshchiligida qo‘shni davlatdan kelib o‘qiyotgan talabalar mehmon sifatida qatnashib, universitetda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Festival doirasida tashkil etilgan tadbirlarni miriqib tomosha qildi. Talaba-yoshlar bilan dildan suhbatlashib, o‘zaro fikr almashdi.

"Qizlarjon klubi" ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Fitnes klub, shaxmat-shashka, tikuvchilik va stol tennisi xonalari foydalanishga topshirildi.

Ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari pul mukofoti va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri