Talabalik nafaqat bilim olish, balki mustaqil hayotga qadam qo‘yish davri ekanini yaxshi bilamiz. Shu bois, talaba uchun eng muhim maskanlardan biri — talabalar turar joyi hisoblanadi. U yerdagi imkoniyatlar, muhit va xavfsizlik omili talabaning nafaqat o‘qishi, balki psixologik holati va hayot tarzini ham belgilaydi.
17 noyabr – Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universitetida talabalar uchun yaratilayotgan sharoitlarni yanada takomillashtirish, ularning xavfsizligi, sog‘lom turmush tarzi va ma’naviy yetukligini ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Universitet rahbariyati va mas’ullar tomonidan talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlarida yashovchi yoshlar bilan muntazam muloqot va monitoring ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Jabbor Muhammadiyev, moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Vali Yodgorov hamda mas’ul bo‘lim vakillari tomonidan talabalar istiqomat maskanlariga tashrif buyurilib, ularning turmush sharoiti, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish holati o‘rganildi.

Suhbat davomida talabalarga isitish tizimidan to‘g‘ri foydalanish, is gazidan zaharlanishning oldini olish, elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mazkur tashriflarning maqsadi — yoshlar o‘zlarini yolg‘iz emasligini, ularning har bir fikri, muammosi va ehtiyoji e’tibordan chetda qolmasligini his etishi, shuningdek, talabalik yillarini mazmunli, xavfsiz va samarali o‘tkazishlariga ko‘maklashishdan iborat.
Nigora Rahmonova, O‘zA