Jizzax politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Alisher Usmanqulov shu oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan yigit-qizlar, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti koordinatorlari, universitet va davlat stipendiyalari sohiblari, xalqaro maydonlarda yuqori natijalarni ko‘rsatgan sportchi talabalar bilan yuzma-yuz uchrashdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda talaba-yoshlar tomonidan o‘rtaga tashlangan moliya, iqtisod, oliy o‘quv yurtida rektor stipendiyasini joriy etish, to‘garaklar faoliyatini yaxshilash, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari, jumladan, Toshkent davlat axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikni yanada yaxshilash, talabalarni ish bilan ta’minlashda amaliy yordam berish kabi 15 dan ortiq murojaat, bildirilgan taklif va mulohazalar o‘rganilib, ularning yechimi yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Yakuniga yetayotgan 2023 yilda ilm-fanda muvaffaqiyatlarga erishgan, o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashgan 26 nafar, shuningdek, ingliz tili bo‘yicha til sertifikatini olgan 6 nafar, sport sohasida jahon va Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan 4 nafar, nomdor stipendiya sohiblaridan 7 nafar, “Yil talabasi” tanlovining institut bosqichida g‘olib bo‘lgan 7 nafar, jami 50 nafar talaba institut rektori tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, institut rektori talaba-yoshlar tomonidan berilgan takliflarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berib, vazifalar yukladi.
JizPI o‘tgan “Rektor va yoshlar” uchrashuvi samimiy va munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA suratlari