Samarqand davlat universitetida talabalarning qishki ta’tilni mazmunli, ilmiy-ijodiy muhitda o‘tkazishi uchun alohida dastur qabul qilingan. Xususan, talabalar uchun 34 ta fandan o‘tkaziladigan onlayn fan olimpiadalariga start berildi. Talabalar o‘rtasida 2022 yilga mo‘ljallangan “Start-UP”, «Mening biznes g‘oyam» loyihalar tanlovi, «Eng yaxshi ilmiy maqola», «Eng yaxshi kitobxon talaba», «Mardlar qo‘riqlaydi vatanni», «Eng yaxshi cholg‘u ijrochisi» kabi 30 dan ortiq onlayn tanlovlar o‘tkazilmoqda, deya xabar beradi Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati.
Ushbu tanlovlarda ishtirok etuvchi talabalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun universitet tomonidan yuz million so‘mdan ziyod pul mukofotlari qo‘yilgan.
Shuningdek, talabalar uchun «Mening universitetim» tanlovi tashkil etilgan bo‘lib, g‘oliblarga mobil telefonlar taqdim qilish ko‘zda tutilgan.
– Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan onlayn fan olimpiadalari talabalarning egallagan bilimlarini qayta takrorlashi va chuqurroq izlanishiga sabab bo‘ladi, – deydi iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi mudiri Sherzod Xoliqulov. – Qolaversa, respublika va xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan olimpiadalarga samarali qatnashishi uchun zamin hozirlanadi. O‘tkaziladigan 34 ta fan olimpiadasining har biri uchun tashkiliy qo‘mita tuzilgan va malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan test savollari tayyorlangan.
– Ushbu onlayn tanlovlar orasida fan olimpiadasi va «Eng yaxshi ilmiy maqola» ko‘rik-tanlovi mening diqqatimni tortdi, – deydi matematika fakulteti talabasi Davlat Kamoliddinov. – Bu menga o‘z bilimimni sinash uchun yana bir imkoniyatdir. Undan albatta unumli foydalanaman. Tayyorgarlik ishlarini dastur bilan tanishish jarayonida rejalashtirishni boshladim. Talabalar fan olimpiadasida ishtirok etish uchun https://olimpiada.samdu.uz/ platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari belgilangan. Men barcha mezonlardan xabardorman va olimpiadaning shaffof o‘tkazilishiga ishonaman. Eng quvonarli jihati shundaki, biz ta’tilda foydali ish bilan bandmiz.
– Dasturlash va IT mening eng sevimli mashg‘ulotlarimdan biridir, – deydi raqamli texnologiyalar fakulteti magistranti Asliddin Saidqulov. – Universitetimizda o‘tkazilayotgan “Start-UP” loyihalar tanlovi men uchun ajoyib imkoniyat. Men o‘z g‘oyamni Start-UP loyihasi darajasida amalga oshirishga harakat qilmoqdaman. Buning uchun menda barcha sharoitlar mavjud. Universitetimiz bizni doim qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ushbu tanlovning har bir ishtirokchisiga 10 million so‘mdan pul mukofoti qo‘yilganligi buning yaqqol dalilidir.
Bundan tashqari, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qish va stajirovkalar o‘tash yuzasidan seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. Xususan, Nobel mukofoti laureati, Yaponiyaning Nagoya universiteti professori Xiroshi Amono
bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Unda asosan, universitetimizning fizika yo‘nalishida tahsil oluvchi professor-o‘qituvchi va talabalari ishtirok etib, ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
– Qishki ta’til muddatining uzaytirilishi bilan bo‘sh vaqtimizni mazmunli va foydali tashkil etish maqsadida bir qancha olimpiada, Start-UP tanlovlari e’lon qilindi. Men ham eng yaxshi ilmiy maqola tanlovida ishtirok etishni maqsad qildim, – deydi filologiya fakulteti talabasi Muxlisa Jalilova. – Tanlov yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazishga, balki o‘z ustida ko‘proq ishlab, pul mukofotlariga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. To‘g‘ri-da, foydali taqsimlangan vaqtdan ham ma’nan, ham moddiy manfaat yetadi. Tanlovlarni o‘tkazilishini eshitib, juda ham xursand bo‘ldim. Buni biz talabalarga berilgan yana bir imkoniyat, deb bilaman. Barcha talaba-yoshlarni ushbu olimpiadada va Start-UP loyihalarda faol bo‘lishga chaqirmoqchiman.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA