FOTOREPORTAJ
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti uzoq yillik tarixi va oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yo‘nalishida o‘z qadriyatlariga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurtlaridan hisoblanadi.
Ayni paytda institutda 10 ta fakultet, 2 ta bo‘lim, 32 ta kafedra mavjud. 26 ta bakalavr hamda 19 ta magistratura ta’lim yo‘nalishida 17 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Talabalarning nazariy bilimi va amaliy ko‘nikmasini oshirish uchun bu yerda yetarli sharoit yaratilgan.
Tabiiy fanlar fakultetida tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarning laboratoriya ishlarini olib borishi uchun Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 592 million so‘m, shuningdek, 27 ming AQSH dollari miqdoridagi eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy laboratoriya texnikalari va asbob-uskunalari keltirildi.
Shuningdek, fizika-matematika fakultetining amaliy darslar o‘tishga mo‘ljallangan laboratoriya xonalari 2019 yilda Germaniya Federativ Respublikasining “LD Didactic GmbH” kompaniyasi tomonidan olib kelingan asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar laboratoriya mashg‘ulotlarini belgilangan grafik asosida o‘tmoqda. Ayni paytda fakultetda atom va elementar zarralar fizikasi, astronomiya va astrofizika fanlaridan laboratoriya ishlari uchun foydalaniladigan asbob-uskunalarni olib kelib o‘rnatish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotir.
[gallery-23490]
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA