Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalarning energiyani tejash bo‘yicha xabardorlik darajasi qanday?
13:43 / 2024-11-08

O‘zbekistonda energiya tejamkorligi va samaradorligiga erishish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2023 yilga kelib, elektr energiyasi iste’moli 2016 yilga nisbatan 1,2 barobarga oshgani kuzatilmoqda. Energiya tejamkorligiga erishish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, aholining, jumladan, yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish muhim. Bu jihat energiya resurslarini tejashda yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishni talab etadi.   

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti yetakchi mutaxassisi Malika Saparmuhametovaning qayd etishicha, talabalarning energiya tejash bo‘yicha xabardorligini aniqlash maqsadida O‘zbekiston bo‘ylab 22 ta universitet talabalari o‘rtasida onlayn so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unda bakalavr va magistratura bosqichidagi talabalar ishtirok etgan.   

– So‘rovnoma 16 ta savoldan iborat bo‘lib, unda talabalarning demografik ma’lumotlari, energiya tejashga munosabati, motivatsiya va to‘siqlar hamda davlat dasturlari haqidagi xabardorligi kabi yo‘nalishlar qamrab olindi. So‘rovnoma talabalarning energiya tejash borasidagi bilimlarini o‘rganish, ularni rag‘batlantiruvchi omillar va uchrayotgan qiyinchiliklarni aniqlashga qaratilgan.   

So‘rovda qatnashgan talabalarning 1069 nafari (14,8%) kundalik hayotda elektr energiyasini tejash uchun hech qanday chora ko‘rmaydi. Ularning 62,6 foizi energiya xarajatlari haqida qisman xabardor ekanini ko‘rsatdi, 46 foizi esa elektr energiyasi tariflarini yaxshi biladi. Oliy kurs talabalari energiya resurslari sarfi haqida ko‘proq xabardor va mustaqil ravishda to‘lovlar amalga oshiradi. Bu ularning energiya tejashga bo‘lgan mas’uliyat va yondashuvidagi farqni ko‘rsatadi. Respondentlarning 47,8 foizi energiya tejash masalalarida yaxshi xabardor ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, talabalarning 85,2 foizi energiya tejash choralarini amalga oshirgan bo‘lsa, 10,1 foizi energiya tejashga e’tibor bermagani ma’lum bo‘ldi.   

Ushbu natijalar O‘zbekistonda talabalarning energiya tejash bo‘yicha xabardorligi yuqori ekanini, biroq hali ham bilim va amaliy qo‘llash ko‘nikmalarini oshirish zarurligini ko‘rsatdi. Energiya tejashni targ‘ib qilish maqsadida talabalar orasida axborot kampaniyalari o‘tkazish, treninglar tashkil etish va energiya samaradorligi bo‘yicha maxsus kurslarni joriy qilish tavsiya etilmoqda. Bu choralar yoshlar o‘rtasida barqaror rivojlanish g‘oyalarini kengroq targ‘ib qilishga, shuningdek, energiya resurslaridan oqilona foydalanishga ko‘maklashadi, – dedi M.Saparmuhametova   

N.Ziyodullayeva, O‘zA