Yotoqxonaga joylashish muammosi doim talabalarni qiynab keladi. Har o‘quv yilida yotoqxonalar bilan bog‘liq muammo kun tartibiga chiqaveradi.
Soha mutasaddilarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda respublikada yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli yotoqxonalarni barpo etish va talabalarni turar joy bilan ta’minlash darajasini 60 foizdan oshirish belgilangan.
Xo‘sh, yotoqxonalar sonini, ulardagi o‘rinlarni ko‘paytirish borasida yana qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish tizimi joriy etilgan bo‘lib, o‘tgan 2022 yil davomida yangi qurilish, ta’mirlash, bo‘sh turgan binolarni moslashtirish va mavjud o‘rinlarini maqbullashtirish hisobiga jami 20 ming 153 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

2023 yil yakuniga qadar 18 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish va foydalanishga topshirish belgilangan. Yotoqxonalarni barpo etish bo‘yicha jami 28 ming 526 o‘rinli 58 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 19 ming 576 o‘rinli 40 ta, oliygoh va byudjet mablag‘lari hisobidan 3 ming 450 o‘rinli 7 ta, oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan 3 ming 900 o‘rinli 8 ta hamda investitsiya dasturi doirasida 1 ming 600 o‘rinli 3 ta loyiha amaliyotga tadbiq etilmoqda.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, respublika bo‘yicha jami 16 ming 466 o‘rinli 31 ta loyihada qurilish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston milliy universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida 86,3 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, 1000 o‘rinli talabalar turar joyini qurish ishlari boshlab yuborildi.
Toshkent davlat pedagogika universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida 57,1 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, xususiy tashabbuskor tomonidan 1000 o‘rinli TTJ qurish ishlari boshlangan. Farg‘ona davlat universitetida ham davlat-xususiy sheriklik asosida loyiha umumiy qiymati 58,9 milliard so‘mlik 804 o‘rinli yotoqxona qurish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu binolarga zamon talablariga mos ravishda quyosh panellari o‘rnatilib, tashqi devor qismi bazalt issiqlikni ta’minlovchi material bilan qoplanadi. Yil yakuniga qadar talabalar turar joyi fondini 127 ming o‘rindan oshirish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda 1 millionga yaqin yoshlar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylarining soni 287 taga yetkazilib, jami 109 ming 504 nafar talabani joylashtirish imkoniyati yaratilgan.
Shunga qaramasdan, qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar joyiga talab mavjud.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA