Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalarning 2 milliard 263 million 710 ming so‘mlik ijara to‘lovi qoplab berildi
14:49 / 2023-02-08

Termiz davlat universiteti o‘tgan yil kunduzgi ta’lim yo‘nalishida o‘qiyotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli talabalarni moddiy rag‘batlantirish uchun qariyb 2 milliard 688 million so‘m mablag‘ sarfladi.

Mazkur mablag‘ning 1 milliard 299 million 647 ming so‘mi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron, chin yetim, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar va oilasi “Temir daftar”, “Ayollar daftar” iga kiritilgan talabalarga berildi. 1 milliard 387 million 448 ming so‘mi jamoatchilik ishlarida faol, a’lo baholarga o‘qiyotgan, xalqaro, respublika va universitet miqyosidagi tanlov hamda musobaqalarda g‘olib bo‘lgan talaba yigit-qizlarga ajratildi. 

Bu haqida bugun Surxondaryo viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda Termiz davlat universiteti hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Talabalarning darslardan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, moddiy rag‘batlantirish va ma’naviy-ma’rifiy sohada o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar yakuniga bag‘ishlangan anjumanda Prezidentimiz g‘oyasi bilan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida o‘tkazilgan musobaqa, ko‘rik-tanlov va boshqa tadbirlarning talabalarni turli yo‘nalishlarda izlanishga undab, ularning ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom kamolga yetkazishdagi o‘rni to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. 

– Yakunlangan yil oliy ta’lim muassasamiz talabalari uchun qiziqarli tadbirlar va yutuqlarga boy bo‘ldi. Shuningdek, ehtiyojmand talabalarni qo‘llab-quvvatlash va faol, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirishga e’tibor yanada kuchaytirildi, – deydi yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha birinchi prorektor O.Shofiyev. – O‘tgan yili may oyida universitetda ilk marta “Talabalar bahori” talaba-yoshlar festivalini tashkil etdik. May va noyabr oylarida talaba yoshlar o‘rtasida “Rektor kubogi” sport musobaqalari va turli tanlovlar o‘tkazildi. Sport musobaqalarida talabalarimiz sportning 10 turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Kitobxonlik, insholar, rasmlar, videoroliklar, intellektual o‘yinlar, she’rxonlik kabi tanlovlarda esa iqtidorli, iste’dodli talabalarimiz o‘zaro bellashib, o‘z mahoratini namoyish etdi. G‘oliblar munosib rag‘batlantirildi. 

Ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli talabalarni moddiy rag‘batlantirish uchun qariyb 2 milliard 688 million so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsa, ijara huquqi asosida yashovchi talabalarning 2 milliard 263 million 710 ming so‘m miqdoridagi ijara to‘lovlari qoplab berildi. Talabalar turar-joylarida yashovchi 137 nafar imkoniyati cheklangan, 25 nafar chin yetim va boquvchisini yo‘qotgan, 30 nafar “Temir daftar” va “Ayollar daftari” da turuvchi talabalar turar-joy to‘lovlaridan ozod qilindi. Viloyatdagi eng yirik oliy ta’lim muassasasi – Termiz davlat universitetining kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlarida 26 mingdan ortiq yigit-qiz ta’lim olmoqda. Ularning 12 mingdan ziyodi kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida o‘qib, o‘zlari tanlagan mutaxassislik sirlarini chuqur o‘rganayotir. Talabalarga 673 nafar professor-o‘qituvchi shuningdek, mamlakatimiz poytaxti va xorijdan taklif etilgan tajribali ustozlar ta’lim bermoqda. 80 ga yaqin bo‘lg‘usi yosh olim ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Matbuot anjumanida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, sport, adabiyot, madaniyat va san’at kabi sohalarda erishilgan yutuqlar, mamlakatimiz bo‘ylab talabalar uchun tashkil etilgan sayohatlar, mahallalar bilan hamkorlik aloqalari yo‘nalishlarida qo‘lga kiritilgan natijalar xususida ham atroflicha fikr almashildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, 
O‘zA muxbiri