Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalarni yotoqxonaga joylashtirish tizimi to‘liq raqamlashtiriladi
21:39 / 2022-08-31

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida birinchi va moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda shu haqda so‘z yuritildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, videoselektorda oliy ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati batafsil tahlil qilindi.

Dastlab talabalar turar joylarini yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirish, talabalarni qabul qilish uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Bunda zarur barcha mebel jihozlari, choyshablar o‘z o‘rnida bo‘lishi, yuvinish, kir yuvish xonalari, oshxona barchasi ishchi holatda bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Eng muhimi, bu jarayonda talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish va o‘rinlarni adolatli taqsimlash lozimligiga alohida ahamiyat qaratildi.

– Har yili bu masala juda ko‘plab e’tirozlar, ariza va shikoyatlarga sabab bo‘lmoqda, – dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov. – Shuning uchun yangi o‘quv yilidan boshlab bu jarayon to‘liq raqamlashtirilib, talabalarni yotoqxonaga joylashtirishning elektron tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Endi barcha jarayon ochiq, shaffof bo‘lishi, hech qanday e’tirozga o‘rin qoldirmasligi kerak.

Belgilangan tartibga ko‘ra, chin yetim, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, «Temir daftari»ga kiritilgan, I yoki II guruh nogironlari, surunkali kasallik bilan davolanadigan, xorijdan kelib o‘qiyotgan, oilasida 2 yoki undan ortiq farzand kontraktda o‘qiyotgan talabalarga ustuvorlik berishga qat’iy rioya qilinishi qayd etildi.

Shundan so‘ng yangi o‘quv yilidan talabalarni yotoqxonaga joylashtirishning elektron tizimi hamda talabalarni ijara uylari bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida yagona elektron platforma ishga tushirilishi e’lon qilindi. Ushbu axborot tizimlarining ishlash mexanizmi, jumladan, imkoniyati va afzalliklari haqida ma’lumot berilib, platformalarning taqdimoti o‘tkazildi.

O‘tgan o‘quv yili mobaynida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda talabalarning qamrov darajasi qoniqarsizligi tanqid qilindi.

Yig‘ilishda barcha masalalar yuzasidan bir qator oliy ta’lim muassasalari mas’ul prorektorlari o‘z mulohaza va takliflarini bildirdi.



N.Usmonova, O‘zA