Navoiy davlat pedagogika institutida ijarada yashovchi talabalarga ijara pullarining 50 foizi miqdoridagi mablag‘ni to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 sentyabrdagi “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yurtimizdagi oliygohlarda yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilangan.
Joriy yilning sentyabr oyida belgilangan mezonlar asosida 928 nafar talabadan ariza kelib tushgan bo‘lib, ular institutda tuzilgan maxsus komissiya tomonidan o‘rganib chiqildi va talabalarning 798 nafariga 50 foizi miqdorida ijara pullari to‘lab berildi. Oktyabr oyida 1125 nafar talabaga ijara pullari to‘lab berilishi rejalashtirilgan.
– Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to‘lovi bir qismini qoplab berish davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi, – deydi institutning Yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Xurshid Qurbonov. – Ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyi doirasida ariza beruvchilarga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish amalga oshirilmaydi. Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishi shart. Ariza beruvchi talaba tegishli ma’lumot yoki hujjatlarni o‘zi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘limi dekan o‘rinbosari yoki OTMning talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga topshiradi. Arizalar institutda tuzilgan maxsus komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi va mablag‘ to‘lanish yoki to‘lanmasligi to‘g‘risida yig‘ilish qarori qabul qilinadi. Mazkur tartib davlat OTMning faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qib, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022 yil 8 oktyabrdagi 4/20-2/31 sonli xatiga asosan, istisno tariqasida uzoq hududlardan kelgan birinchi kurs talabalariga sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan ijara pulini to‘lab berilishi belgilangan.
A.Bo‘riyev, O‘zA