English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalarga ham amaliy ham nazariy bilim olib, pul topish imkoniyati yaratib beriladi
15:48 / 2022-03-15

Har qanday mamlakat taraqqiyoti o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lgan kadrlarga bog‘liq. Rivojlanish bosqichini samarali bosib o‘tgan mamlakatlarning 64 foizi aynan inson kapitali sifati, jumladan, aholi tomonidan ishlab chiqarish jarayoni va kundalik hayotda samarali yechimlarni topish uchun to‘plangan bilim va ko‘nikmalarga bog‘liq bo‘lgan.

Bunda esa uzliksiz ta’lim tizimining yakuniy bosqichi bo‘lgan oliy ta’lim tizmi muhim ahamiyatga ega. So‘nggi besh yilda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim muassasalari soni hamda qamrov darajasi uch barobarga oshdi. Hozir oliygohlarimizda 510 ming nafar talaba kunduzgi ta’lim shaklida, 300 mingdan ortiq talaba esa sirtqi va kechki ta’limda tahsil olmoqda. Shundan, 7,5 mingi chin yetim yoki nogironligi bo‘lganlar, 4,5 mingi turli «daftarlar»ga kiritilgan talabalardir.

Albatta, oliy ta’lim soni va qamrovini oshirish borasidagi ishlar tizimli davom ettirilmoqda. Jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi doirasida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish, OTMlar sonini 200 taga, shundan10 ta salohiyatli OTMlarni QS va THE xalqaro reytinglariga kirish maqsad qilingan. Bundan ko‘zlangan maqsad esa aniq, yetuk zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan kadrlar soni va sifatini oshirish.

Ammo, bugungi dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, faqatgina sifatli ta’lim berish bilangina inson kapitalini rifojlantirib bo‘lmaydi. Talabalar o‘qishi jarayonida har soniyada o‘zgarib borayotgan, sohalar taraqqiyoti va jamiyatdagi yondashuvlar bilan hamohang bo‘lib, bevosita ishlab chiqarish amaliyotida ham ishlashi lozim.

Shu boisdan oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Davlatimiz rahbari boshchiligidagi videoselektor yig‘ilishida ishlash istagi bo‘lgan talabalarga ta’limdan uzilmagan holda ishlash imkoniyatini yaratib berish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

Tahlillar natijasiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizdagi soha va tarmoqlar kesimida talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni mavjud. Jumladan, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohalarida – 22 mingtadan, sanoatda – 17 ming, sog‘liqni saqlashda – 9 ming, qurilish va qishloq xo‘jaligida – 6 mingtadan, moliya sohasida – 3 ming, aloqa va IT sohasida – 2,5 mingta ish o‘rinlari mavjud. Shuningdek, rektorlar oliygohlarning yo‘nalishiga qarab, aholi va tadbirkorlarga pullik xizmatlar ko‘rsatib, 5 ming nafar talabaga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini yaratishi mumkin.

Bu esa, minglab to‘lov shartnomasi asosida o‘qib ta’lim olish imkoniyati yo‘q yoshlarimizga o‘zlari qiziqqan soha bo‘yicha oliy ta’lim olish imkoniyatini yaratib beradi. Shuningdek, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarimiz nafaqat nazariy bilim va ko‘nikmaga shu bilan birga amaliy tajribaga ham ega bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda yuqoridagi kabi imkoniyatlardan unumli foydalangan holda mutasaddilarga ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash vazifasi yuklatildi. Xususan, bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi, viloyat hokimlari boshchiligida esa hududlarda shunday komissiyalar tashkil etiladi. Komissiya viloyat hokimlari va rektorlar bilan birga vakant o‘rinlarni tahlil qilib, har bir viloyat bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi kurs talabalarining kamida 30-40 foizini ishga joylash choralarini ko‘radi. Bundan tashqari, bitiruvchi kurslar talabalarining kelgusidagi ish joyini belgilab oladi va ularni haq to‘lanadigan 3-4 oylik stajirovkaga yuboradi.

bugungi kunda hech kimga sir emaski, aynan iqtidorli talaba yoshlar tengqurlariga chet tilini o‘rgatish, kasbga yo‘naltirish, biznes mahorat darslari kabi o‘quv kurslarini tashkil etib qo‘shimcha daromad topish orqali yoshlarni hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashmoqda. Ammo, ularda doimiy ravishda yoshlar uchun qulay bo‘lgan joyni topish va uni ijaraga olish muammosi mavjud bo‘lib kelgan. Shu boisdan, Davlatimiz rahbari oliygohlardagi bo‘sh xona va inshootlarni talabalarga bepul ajratish orqali ularda pullik kurslar, to‘garaklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarishlar tashkil etish orqali ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalarni berdi.

Albatta, bunday tizimning ishga tushirilishi bir tomondan to‘garak ochish istagidagi yoshlarni joy topish muammosidan xalos etsa, ikkinchi tomondan, minglab yoshlarni ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan o‘zi tahsil olayotgan oliygohda kurslarga qatnab bilim va malakasini oshirish imkonini beradi.



Muzafara ABDIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati