Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida yong‘in va boshqa favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan amaliy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Tadbir Yangiyer shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda shahar FVDqT tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.
Mashg‘ulotning asosiy maqsadi talabalarda xavfsizlik qoidalariga amal qilish, evakuatsiya tartibini bajarish, tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda tezkor harakat qila olish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.


Shartli ravishda trevoga signali berilgach, talabalar binoni tartibli ravishda tark etib, xavfsiz hududga yo‘naltirildi. Jarayonda ularga evakuatsiya yo‘nalishlari va yig‘ilish nuqtalari haqida amaliy ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari yong‘in sodir bo‘lgan holda o‘t o‘chirgichlardan foydalanish tartibini namoyish etdi. Talabalar amalda o‘t o‘chirgichdan foydalanib ko‘rish imkoniga ham ega bo‘ldi.

Mashg‘ulot doirasida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xodimlar jarohat olganlarga yordam berishning asosiy usullarini o‘rgatib, amaliy mashqlar o‘tkazdi.


Talaba Azizbek Umaraliyev o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, jumladan shunday dedi: – Bu mashg‘ulotlar biz uchun juda foydali bo‘ldi. Avval kitoblarda o‘qib yoki videolarda ko‘rib yurgan qoidalarni bugun amalda sinab ko‘rdik. Ayniqsa, o‘t o‘chirgichdan foydalanish va birinchi yordam ko‘rsatish mashqlari hayotiy ahamiyatga ega ekanini his qildik. Eng muhimi, xavfli vaziyatda har kim o‘zini yo‘qotmay, tartib bilan harakatlanish kerakligini angladik.
Tadbir yakunida talabalarning mashg‘ulotlar paytidagi xatti-harakatlari, bilim va ko‘nikmalari ijobiy baholandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri