Talabalar “Yashil makon” loyihasida faollik ko‘rsatdi
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 30 mayda imzolangan “Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida hududlarni bahavo maskanlarga aylantirish, o‘rmonlar va yashil hududlar maydonini kengaytirish, bog‘-rog‘lar barpo etish, ulardan oqilona foydalanish vazifalari belgilangandi.
Kuni kecha Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida navbatdagi ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi.

Mazkur loyiha tashabbuskor talabalar va ustozlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanib, universitet hududida bir qator manzarali daraxt va ko‘chatlar ekildi.

Tadbir davomida yashil hududlarni kengaytirish, ekologik muhitni yaxshilash hamda talabalarda tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga doir tushunchalar berildi. Ushbu sa’y-harakatni tizimli tarzda davom ettirish bo‘yicha ish rejasi ishlab chiqilgani e’lon qilindi. Ekilgan daraxtlarga muntazam parvarish ko‘rsatish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olindi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA