Oliy ta’lim tashkilotlarida sentyabr oyining ilk kunlaridan boshlab ijarada yashayotgan talabalar holidan muntazam xabar olinmoqda. Ularning yashash sharoitlari, elektr energiyasi ta’minoti, isitish tizimi, yong‘in xavfsizligi hamda mahalla ijtimoiy muhiti kabi omillar o‘rganilmoqda.
Mazkur jarayonlar oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlar, tyutorlar, profilaktika inspektorlari va boshqa mas’ullar tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Joriy o‘quv yili boshidan 4 oktyabr holatiga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari mas’ullari tomonidan 7 ming 300 ta ijaradagi xonadonda yashovchi 26 ming 750 nafar talaba (ijarada yashovchi talabalar umumiy sonining 17,5 foizi) holidan xabar olingan.
Xususan, o‘quv yilining beshinchi haftasida 48 ta oliy ta’lim tashkiloti mas’ullari tomonidan 1 ming 983 ta ijaradagi xonadon ko‘zdan kechirilib, unda istiqomat qilayotgan 3 ming 250 nafar talaba-yosh bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

O‘rganishlar davomida talabalar istiqomat qilayotgan ijaradagi xonadonlar yashash sharoiti, mahalla ijtimoiy muhiti va xavfsizlik holatiga ko‘ra “yashil”, “sariq” va “qizil” hududlar sifatida tasniflanmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA