O‘zbekistonda kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan “Cyber university” davlat universitetida “Moslashuv haftaligi” boshlandi. Mazkur oliygoh Prezidentimizning 2025 yil 20 yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi global mehnat bozorida kiberxavfsizlik sohasida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.
Shu bilan birga, oliy ta’lim tizimini ilg‘or chet el tajribasi asosida isloh qilish, ta’lim jarayonining innovatsion shakl va uslublarini joriy etish orqali respublika ehtiyoji uchun axborot himoyasi, axborot va kiberxavfsizlik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan. Bu orqali yoshlarning raqamli texnologiyalar yo‘nalishida bilim olishi va mehnat bozorida raqobatbardosh kasb egallashiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, kiberxavfsizlikning milliy va xalqaro miqyosdagi strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi.

– Bugun kiberxavfsizlik nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. “Cyber university” yurtimiz uchun, balki mintaqa miqyosida ham yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi. Kelajakda O‘zbekiston yoshlarini xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllantirishda muhim oliygoh bo‘lishiga ishonamiz, – deydi vazir Sh.Shermatov.


Shuningdek, tadbirda Stanford universiteti muhandislik fakulteti Global onlayn ta’lim markazi hamda Xitoyning Xidian universiteti rahbariyati vakillari ham talabalarga ilk o‘quv yili munosabati bilan tabrik yo‘lladi va Nurafshon shahrida faoliyatini boshlagan yangi oliy ta’lim dargohiga muvaffaqiyat tilab, kelgusidagi hamkorliklarni yanada kengaytirishni bildirdi.
A.Musayev, O‘zA.