Bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim sohasini modernizatsiya qilish jarayonlari bilan birga, badiiy ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu imkoniyatlar yoshlarimizning bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirishga, ularni milliy va jahon san’atida munosib o‘rin egallaydigan ijodkorlar sifatida tarbiyalanishiga xizmat qilmoqda. Talabalar uchun yaratilayotgan imtiyozlar ularni sifatli ta’lim olishlari va o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlarida alohida o‘rin egallaydi.

Hukumat qaroriga muvofiq, 2024 yilidan boshlab barcha bosqich talabalari uchun davlat oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshirilib, talabalar ustuvorlik asosida yotoqxonaga qabul qilinmoqda. Shuningdek, ko‘z kasalliklari bo‘yicha 1-2-guruh nogironligi borlar, chin yetimlar va yetimlar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar imtiyoz asosida yotoqxona to‘lovlaridan butkul ozod qilinganlar.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 sentyabrdagi “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarga BHMning yarim barobari miqdorida ijara puli to‘lab berilmoqda.
Talabalarning ijtimoiy va moddiy masalalardagi qiyinchiliklari, ijara haqi hamda maishiy shart-sharoitlar bilan bog‘liq muammolarni yaqindan o‘rganish hamda talabalarning muammolarini o‘z vaqtida hal qilish maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Omonulla Salixov mas’ul xodimlar bilan birgalikda institut talabalari istiqomat qiladigan ijara xonadonlariga tashrif buyurmoqda.

Aytish kerakki, bugungi kunda institutda jami 2 ming 549 nafar talaba tahsil oladi. Shundan 370 nafari talabalar turar joyida, 1 ming 39 nafari ijara xonadaonlarida istiqomat qiladi.
Tashrif davomida rektor ijara xonadonlaridagi sharoitlar bilan yaqindan tanishish bilan birga talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot olib bormoqda.
– Talabalarning ta’lim olishi, ijodiy faoliyati va turmush sharoitlari institut rahbariyati uchun ustuvor vazifadir, - dedi suhbat jarayonida institut rektori Omonulla Salixov.– Yoshlarning muammolarini eshitish, ularga amaliy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish bizning doimiy burchimiz hisoblanadi.
Tashrif davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ijarada yashovchi talabalar uchun institut tomonidan taqdim etiladigan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berib kelinmoqda.
Shu bilan birga ma’sullar tomonidan ijara xonadonlarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi, talabalarga gaz, suv, elektr energiyasidan to‘g‘ri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish, to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berilmoqda.
Institutda talabalar hayotiga bo‘lgan e’tiborning bunday izchil yo‘lga qo‘yilishi –talabalarning muammolarini o‘z vaqtida hal qilish, ularning ta’lim va ijod uchun rag‘batini oshirishda muhim qadam bo‘ladi. Mazkur tashriflar talabalar bilan rahbariyat o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlashi bilan birga ularning ijtimoiy muhitini yaxshilash va ma’naviy rag‘batini oshirishga ham xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA