Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi
17:50 / 2022-12-29

Yangi yil bayrami arafasida Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari uchun 400 o‘rinli yotoqxona foydalanishga topshirildi.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari talabalarini yotoqxona, turar-joy bilan ta’minlash borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

Ayni paytda viloyatdagi 10 ta davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida 58 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. bugungi kunda ularning 8 ming 700 nafardan ortig‘i oliy o‘quv yurtlariga qarashli 16 ta talabalar turar joylarida istiqomat qilmoqda. Bir qancha talabalar esa institutlarga yaqin hududlardagi xonadonlarda ijara asosida yashab kelmoqda. Ularning ma’lum qismiga oliygohlar tomonidan ijara pullari to‘lab berilmoqda.

Joriy o‘quv yili boshida talabalarning turar joyga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganilganda, yana 12,5 ming nafardan ortiq talaba turar joyga muhtoj ekanligi ma’lum bo‘lgan edi. Ana shundan kelib chiqib talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Viloyatda 2022-2025 yillarda davlat-xususiy sherikchilik dasturi asosida ko‘plab talabalar yotoqxonalari barpo etish ko‘zda tutilgan. Yangi yil bayrami arafasida 2022 yilda barpo etilib, ishga tushirilishi rejalashtirilgan talabalar yotoqxonalaridan birinchisi foydalanishga topshirildi.

[gallery-10125]

Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari, talabalar, quruvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda talaba yoshlarning puxta bilim olishi, yashashi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganligi alohida ta’kidlandi.

– Yangi yil bayrami arafasida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega 400 o‘rinli yotoqxona talabalar ixtiyoriga topshirildi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madaminjon Madazimov. – Ushbu yotoqxonada talabalarning yashashi, kasb-hunar o‘rganishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

Davlat xususiy-sherikchilik asosida barpo etilgan ushbu yotoqxona tadbirkorga taqdim etilgan 10,8 millard so‘m subsidiya va o‘zi tomonidan ajratilgan qariyb 11 milliard so‘mga yaqin mablag‘ hisobiga qad rostladi. Yotoqxonada talabalar uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, yotoqxonaning birinchi qavatida pazandalik, chevarlik sexlari tashkil etildi, fitnes klub faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Talabalar bo‘sh vaqtlarida tiashkil etilgan sexlarda hunar o‘rganishi, ishlab, daromad topishlari mumkin.

– Yangi yotoqxona biz, talabalar uchun haqiqiy yangi yil bayrami sovg‘asi bo‘ldi, – deydi institut talabasi So‘g‘diyona Shermuhammedova. – O‘quv yili boshidan ijarada yashab keldik. Ijara to‘lovi, bordi-keldi bizni biroz qiynab kelayotgan edi. Mana, bugun barcha qulayliklarga ega yangi yotoqxonaga ko‘chib o‘tdik. Biz talabalar yaratib berilgan bunday qulayliklardan, ko‘rsatilayotgan e’tibordan behad xursandmiz.

Kelgusida Andijon davlat universiteti, Andijon mashinasozlik hamda qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari instituti talabalari uchun 1400 o‘rinli yana uchta yotoqxona ishga tushiriladi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA