Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, 2023 yil 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanadi
Tegishli tartibga ko‘ra, OTM, texnikum, kollej, kasb hunar maktablari va akademik litseylarda o‘quv jarayonini mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tashkil etish tavsiya etildi.
Ushbu jarayonlarni amalga oshirish maqsadida har bir ta’lim muassasasida kechayu kunduz faoliyat olib boradigan, malakali mutaxassislardan iborat «shtab» tashkil etiladi. Anomal sovuq bo‘lishi kutilayotgan 10-18 yanvar kunlarida barcha ta’lim muassasalarida har qanday majlislar (jumladan, ZOOM shaklida), tadbirlar, mas’ullarni asosiy faoliyatidan chalg‘ituvchi boshqa yig‘ilishlar o‘tkazish taqiqlanadi.
Shuningdek, ta’lim muassasalari binolarining issiqlik tizimlarini barqaror ishlashi ta’minlanadi.
Ta’lim muassasalari rahbarlari va tegishli mahalliy hokimliklar talaba-o‘quvchilarni xabardor qilish, ularni OTM joylashgan hududga yetib kelishini ta’minlash hamda mazkur jarayonlarni shaxsan nazoratga oladi. O‘quv jarayonlarini tashkil etishda hudud imkoniyatlari, talabalarning noqulay ob-havo sharoitlarida oliygohlarga yetib kelishlari to‘la inobatga olinishi va bunga zarur shart-sharoitlar yaratilishi lozimligi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
O‘quv jarayonini tashkil etishda zaruriyat tug‘ilganda o‘quv grafigiga o‘zgartirish kiritish ruxsat beriladi. 20 yanvarga qadar talabalarning imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishlari tavsiya etiladi hamda yakuniy nazorat ishlari tashkil etilmaydi.
Ob-havo sharoitlari tufayli o‘qishga kelolmagan talabalarga o‘quv jarayonlarini boshlash hamda nazorat imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli masofaviy dasturlar taklif qilinadi.
O‘zA