Ayni damda Samarqandda dunyoning rivojlangan mamlakatlari yetakchi xalqaro iqtisodchilari, nufuzli investorlar va ekspertlarni jamlagan II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanda o‘zaro muloqotni yo‘lga qo‘yish, ishbilarmon doiralar, xorijiy korxonalar vakillari hamkorligini o‘rnatish hamda investorlarni jalb qilish masalalari qizg‘in muhokama qilinmoqda va bir qator kelishuvlarga ham erishilmoqda.
Jumladan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida loyiha qiymati 115 mln. dollarlik jami 18 000 o‘rinli 17 ta talabalar turar joyini qurish bo‘yicha Maslahat xizmati bitimi imzolandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Hujjatni imzolashda tomonlardan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Zokir Bozorov hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Barqaror infratuzilma siyosati va loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha direktori Mesyu Jortan-Tank ishtirok etdi.
O‘zA