“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 34 ta davlat oliy ta’lim muassasalarida istiqomat qiluvchi 3 ming 312 nafar talaba-qiz o‘rtasida sosiologik so‘rov o‘tkazildi.
Tadqiqot talabalar turar joylarida yashash sharoitlari, xavfsizlik, ma’naviy muhit va psixologik xizmatlar bo‘yicha real vaziyatni aniqlashga qaratildi.
Respondentlarning 79,9 foizi talabalar turar joylaridagi sharoitidan qoniqishini bildirgan, 15,2 foizi “chidasa bo‘ladi”, 5 foizi esa salbiy baholagan.
So‘rovnomada qatnashgan qizlarning 42,8 foizi talabalar turar joylarini “eng maqbul va xavfsiz maskan” deb tanlagan bo‘lsa, 21 foizi shaharda turar joy va qarindoshlari yo‘qligini sabab qilib ko‘rsatgan.
Xavfsizlik bo‘yicha qizlarning 83,9 foizi talabalar turar joyida o‘zini xavfsiz his qiladi, 13,3 foizi bu holat doimiy emasligini aytgan.
So‘nggi davrda talabalar turar joylarida nizolar har uch holatdan birida kuzatilgani qayd etildi: 38,8 foiz talaba-qiz bunday vaziyatlarga guvoh bo‘lgan. Shu bilan birga, 13,4 foiz ishtirokchi psixologik yoki jismoniy tazyiqni his qilganini bildirgan.
Tazyiqqa guvoh bo‘lgan respondentlarning fikricha, tazyiq manbalari ko‘proq ichki muhitga taalluqli bo‘lib, holatlarning ko‘pchilik qismi (42,9 foizi) boshqa talaba-qizlar, 28,1 foizi talabalar turar joylari rahbari, har to‘rttadan bittasi (23,6 foizi) qavat sardorlari, tyutorlar, 5,5 foizi esa yigitlar bilan bog‘liq, deb ko‘rsatilgan.
Muammo yuzaga kelganda murojaat kanallari yetarlicha faollashtirilmagan. Atigi 7,3 foiz qizlar ichki ishlar organlarining ishonch telefoniga murojaat qilishini bildirgan.
45,3 foizi avvalo talabalar turar joylari rahbariga, 15,7 foizi dekanat/murabbiyga murojaat qilishini aytgan. 19,1 foizi esa hech kimga aytmasligini tan olgan.
Psixologik xizmatlar borasida ham qizlar kimga murojaat qilish borasida to‘liq ma’lumotga ega emas. Faqat 40,7 foiz qizlar talabalar turar joylarida psixolog xizmati borligini biladi, 24,9 foiz esa bunday xizmatdan umuman bexabar. Shu bilan birga, talabalar eng samarali chora sifatida muntazam psixolog uchrashuvlar (41,1 foiz), tengdoshlar qo‘llab-quvvatlash guruhlari (24,2 foiz), anonim ishonch qutisi/onlayn platforma (17,4 foiz) va murabbiy/tarbiyachi bilan suhbatlarni (17,3 foiz) qayd etgan.
Demak, talabalar turar joylarida umumiy muhitni ijobiy baholovchi ko‘rsatkichlar yuqori bo‘lsa-da, xavfsizlikni barqarorlashtirish, yashash sharoitlarini yaxshilash, tazyiq holatlarining oldini olish hamda psixologik va huquqiy murojaat shakllarini barcha uchun qulay qilish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘nalishlardagi tizimli ishlar esa talabalar turar joylarini nafaqat yashash joyi, balki talaba-qizlarning ma’naviy-psixologik farovonligini ta’minlaydigan muhit sifatida mustahkamlaydi, deb ma’lum qilmoqda "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti.
N.Usmonova, O‘zA