Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar turar joyiga kechikib kelgan talabani kiritmagan mas’ul lavozimidan ozod etildi
16:23 / 2021-11-24

Joriy yil 23 noyabr kuni tarbiyachi-pedagog Jo‘rabek Boltayev soat 22:00 dan keyin talabalar turar joyiga kechikib kelgan talabalar bilan o‘z vakolati doirasida tushuntirish ishlarini olib borayotgan vaqtda Raqamli iqtisodiyot fakultetining 4-kurs talabasi Nurmurod Mamanov bilan o‘zaro gap talashib qoladi. Natijada talaba universitet TTJdan chiqib ketadi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti axborot xizmati tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqeadan xabar topgan universitet mutasaddilari, uchastka noziri, universitet ichki qo‘riqlash xizmati xodimi hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari zudlik bilan talabalar turar joyiga yetib kelishadi. Bo‘lib o‘tgan voqea o‘rganilib, talaba  TTJga olib kelib joylashtiriladi.

Tortishuvning asosiy sababi sifatida qayd etilgan 200 ming so‘m pul talabaning o‘tgan yilgi talabalar turar joyida yashaganligi uchun qarzdorligi bo‘lib, ushbu pul mablag‘i universitet hisobidan qoplangan. Vaholanki, asosiy muammo talabaning TTJga kechikib kelishi bilan bog‘liq bo‘lib, to‘lov haqida munozara bo‘lmagan.  

Bundan tashqari N.Mamanov yashagan ijara xonadonining sotilgani bois joysiz qoladi va 10 kunga yaqin talabalar turar joyida o‘rinlar cheklanganligi sababli Raqamli iqtisodiyot fakulteti dekani o‘rinbosari D.Begmatovning uyida yashaydi. Oziq-ovqat bilan ta’minlanadi, g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi. Dekan o‘rinbosari D.Begmatovning turar joyi torlik qilganligi uchun universitet qo‘shimcha imkoniyatidan kelib chiqib, yangi talabalar turar joyi ishga tushirilgani munosabati bilan N.Mamanov bo‘shagan xonalarga joylashtirilgan. Hozirda order olish jarayonida bo‘lgan.

Ushbu voqea universitet rahbariyati tomonidan muhokama qilinib, barcha fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, TTJ tarbiyachi pedagoglari, binobonlari, ta’lim-tarbiya maslahatchilarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ul xodimlarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, tarbiyachi-pedagog J.Boltayev o‘z ishiga mas’uliyatsizlik qilgani uchun lavozimidan ozod qilindi. Talaba N.Mamanovga o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan mas’ul xodimlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, o‘zaro munosabatlarda noo‘rin hatti-harakatlar sodir etmaslik bo‘yicha tushuntirish berildi.

 

M.Toshqorayeva, O‘zA