Davlatimiz rahbari tomonidan OTMlar talabalarining, ayniqsa uzoqdan kelib ta’lim olayotgan yoshlarning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.
Xususan, mavjud TTJlarda yashash sharoitlarini yaxshilash, talabalarni arzon turar joylar bilan ta’minlash uchun TTJlarga ikki qavatlik yotoq joylari o‘rnatilmoqda, maishiy va texnik vositalar yangilanmoqda.
bugungi kunda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 6 ta talabalar turar joyi mavjud. Umumiy hisobda ushbu TTJlarda 1200 taga yaqin o‘rin mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugun ikki qavatli yotoq joylar tashkil etilganligi sababli, o‘rinlar soni 1600 dan oshdi. Bu esa o‘z navbatida yoshlarga kerakli maishiy va texnik vositalarga bo‘lgan talabni kuchaytirdi.
Kuni kecha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Muqimiy ko‘chasi 96-uyda joylashgan 7-sonli talabalar turar joyiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Yusuf Absoatov va TDPU rektori Alisher Umarov tashrif buyurdilar. Tashrif davomida vazir o‘rinbosari va rektor tomonidan talabalar turar joyida talabalarga yaratilgan imkoniyatlar, ularni qiynayotgan muammolar, takliflar va ularning kayfiyatlari o‘rganildi.
Talabalar bilan bevosita, samimiy muloqot olib borgan Yusuf Absoatov ularning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Oxirgi vaqtlarda imkon darajasida ko‘proq talabalarni turar joylar bilan ta’minlash maqsadida TTJga o‘rnatilgan ikki qavatli yotoq joylarida yoshlarimiz qanday yashayotganligi masalalari o‘rganildi.
Universitet rektori Alisher Umarov yoshlar bilan o‘tkazgan suhbati davomida ular tomonidan bildirilgan har bir takliflar, albatta, o‘rganib chiqilishi va amaliyotga joriy etilishini aytib o‘tdi.
Vazir o‘rinbosari shuningdek, TTJda joylashgan sportzal, oshxona, yuvinish xonalari, dam olish, kompyuter va kutubxonalar faoliyatini atroflicha o‘rgandi. Yoshlarimizning maishiy yashash sharoitlarini o‘rganib, o‘zi uchun xulosa va tahlillar qilgan vazir o‘rinbosarining navbatdagi ishi talabalar bilan ochiq muloqot qilish va ularning kayfiyatlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Universitet iqtidorli yoshlaridan biri Fizika-matematika fakulteti 3-kurs talabasi Lazizbek Umarov, Yusuf Absoatov va talabalar suhbat uyushtirayotgan davrada gitara musiqa asbobi yordamida ajoyib kuy ijro etib, universitet talabalari ham bilimda, ham qo‘shimcha qobiliyatlar bobida ilg‘or ekanliklarini ko‘rsatdi.
Eng muhimi, tadbir davomida vazirlik va universitet tomonidan TTJlariga 60 ta muzlatgich, 20 ta kir yuvish mashinasi va 40 ta dazmol sovg‘a qilindi. Bunday sovg‘alardan yuzlariga tabassum yugurgan talabalarning xursandchiliklari bayram tadbiriga aylanib ketdi. Talabalar uchun vazir o‘rinbosari va universitet rektori bilan bir davrada bayram dasturxoni yozildi. Talabalar bilan do‘stona suhbat qurildi, ularning fikrlari tinglandi.
Uchrashuv xushkayfiyatda o‘z nihoyasiga yetishiga arm-wrastling qo‘l kurashi sport turi bo‘yicha talabalar bilan vazir o‘rinbosari o‘rtasida uyushtirilgan musobaqa sabab bo‘ldi.
Musobaqada vazir o‘rinbosaridan ustun kelgan talabalarga Yusuf Absoatov kitoblar sovg‘a qildi.
Mirzaboyeva Zuhra, O‘zA