O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini oliy ta’lim bilan qamrab olish hamda ular uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Navbatdagi muhim qadam sifatida ayrim toifadagi talabalarning talabalar turar joylarida yashash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 yanvardagi 32-son qarori bilan ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy ta’lim tashkilotlari huzuridagi talabalar turar joylarida (TTJ) yashash xarajatlarini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi tasdiqlandi.
Mazkur imtiyozdan “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan farzandlari foydalanishi mumkin. To‘lovlar talabaning grant yoki kontrakt asosida o‘qishidan qat’i nazar amalga oshiriladi.
Qarorga muvofiq, ushbu toifadagi talabalar talabalar turar joylariga ustuvorlik asosida, navbatsiz qabul qilinadi. Agar oliy ta’lim tashkilotida davlat yotoqxonasi mavjud bo‘lmasa, talabalarni davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan turar joylarga joylashtirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, talabalar turar joyida yashash xarajatlarini qoplash uchun ajratiladigan mablag‘lar har oyning 15-sanasiga qadar talabaning bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.
Mazkur qaror ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning oliy ta’lim olish jarayonida moliyaviy yukini kamaytirish hamda ta’lim olish uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Hamroz Bayanov, O‘zA