French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar turar-joyi qurilishidagi kamchiliklar aniqlandi
11:50 / 2023-05-01

Farg‘ona viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birgalikda Qo‘qon shahar Movarounnahr ko‘chasi 47-uy hududida Qo‘qon davlat pedagogika instituti buyurtmasi asosida qurilayotgan talabalar uchun turar-joyning me’yor talablariga mosligi va sifati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

Pudratchi tashkilot “The best servise” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mazkur ob’ektda bugungi kunda binoning 4-5-qavatlarida g‘isht devor tiklash, ichki suvoq, pardadevor tiklash va santexnika ishlari bajarilmoqda. Biroq...  

O‘rganish davomida bir qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 20 maydagi 321-sonli qarori bilan tasdiqlangan 3-ilova “Qurilish ob’ektlarida mualliflik va texnik nazorat olib borish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” ga asosan buyurtmachi xizmatining qurilish ishlari ustidan texnik nazorat ishlari qoniqarsiz tashkil qilingan. Natijada, ushbu nizomning 16-bandida texnik nazorat bo‘yicha mutaxassisga berilgan vakolatlar doirasida nazorat ishlari olib borilmagan va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ob’ektda bajarilayotgan barcha yopiq ish turlarini guvohlash dalolatnomalari rasmiylashtirilib, imzolanmagan. Binoning 4-qavat o‘zaklari armokarkaslari xomutlari loyiha bo‘yicha bajarilmagan. Bundan tashqari, armokarkaslar bog‘lanish qismlarida xomutlar ham qo‘yilmagan.

Binoning ichki gazoblokli pardadevor tiklash ishlarida kuchlantirgich sarbastalar devorga tayanish qismi loyihada 250 mm ko‘rsatilishiga qaramay, 150-180 mm masofada tayantirilgan. Metal kuchlantirgichlarni korroziyaga qarshi himoyalash ishlari to‘liq bajarilmasdan keyingi ish turlariga o‘tilgan. Binoning 4-qavat g‘isht devor tiklash ishlarida devorlarga g‘isht terish ishlari loyiha yechimlari va qurilish me’yorlari talablariga zid ravishda tiklangan, ya’ni devorlarni mustahkamlik parametrlariga putur yetkazgan holda, g‘ishtli devorlarning vertikal va gorizontal choklari 20-30 mm (qurilishi me’yori bo‘yicha 10-12 mm bo‘lishi lozim) qalinlikda tiklangan. Umuman, ob’ektda mualliflik nazorati va ichki nazorat qoniqarsiz tashkil etilgan.  

Mazkur holatlar yuzasidan inspeksiya tomonidan buyurtmachi, loyihachi va pudratchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi hamda buyurtmachi texnik nazoratchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Loyihadan chetga chiqqan holda bajarilgan ish turlari joyida demontaj qildirilib, buzdirildi. Shuningdek, ob’ektga keltirilgan sifatsiz temir-beton plita mahsulotlari bo‘yicha ishlab chiqaruvchi “Kokand Gold Future” mas’uliyati cheklangan jamiyati ustidan “O‘zstandart” agentligi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamentiga taqdimnoma chiqarildi.  

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA