Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar turar joyi bugun paydo bo‘lgan muammo emas!
10:16 / 2022-09-19

Bu yilgi o‘quv yili ham o‘tgan yildagidek talabalarni yotoqxona bilan ta’minlashdagi muammolar bilan boshlandi. Bu muammo ko‘proq poytaxtdagi oliygohlarda o‘qiydigan talabalarni qiynab qo‘ydi.

Mana oradan 15 kun vaqt o‘tdi. Xo‘sh, talabalarni turar joy bilan ta’minlash muammosini hal qilish bo‘yicha mas’ul shaxslar tomonidan chora-tadbirlar ko‘rildimi? 

YOTOQXONAGA BO‘LGAN EHTIYOJ OSHIB BORMOQDA 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda 113 ta davlat oliygohlarining birgina kunduzgi ta’lim shaklida ilgarigi 80-100 ming talaba o‘rniga 500 mingdan ortiq talaba o‘qiyapti. Bunday o‘sish ko‘rsatkichlari talabalarning yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojini ham bir necha barobarga oshirib yubordi. Bu bugun paydo bo‘lgan ehtiyoj emasligini barchamiz yaxshi bilamiz. 

Shuni ta’kidlash joizki, 2021 yilning yanvarida davlatimiz rahbari O‘zbekistonda 2021-2023  yillarda “Talabalar uylari” tashkil etish dasturi ishlab chiqilishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, talabalarga yotoqxonalar qurish uchun 2021 yilning o‘zida davlat byudjetidan 50 milliard so‘m ajratilishini aytib o‘tgan. 2021 yil 9 sentyabrda talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida turar-joylar qurilishi bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, respublikamiz bo‘yicha 400 o‘ringa ega bo‘lgan 228 ta talabalar turar joylarini qurish ko‘zda tutilgan. Xo‘sh, mazkur qarorning bajarilishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida amaliy ishlar boshlandimi? 

– Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida universitet hududidagi akademik litsey atrofida 0,3 gektar maydonda talabalar turar joyini qurishni  rejalashtirganmiz, – deydi  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori Bahodir Xoliqov. – Hozirgi kunda talabalar turar joyini qurish loyihasi ishlab chiqilyapti. Tadbirkorlar bilan kelishib, o‘zaro sherikchilik asosida qurishni rejalashtiryapmiz. Loyihalar tugatilsa, qurilishga start beriladi. 400 o‘rinli talabalar turar joyi 3 gektar maydonda barpo etiladi. Talabalar uchun arzon turar joylar ko‘paysa, nafaqat yoshlarga foydali bizga ham ularni nazorat qilish osonlashadi. 

850 NAFAR TALABA UCHUN JOY SO‘RADIK... 

Poytaxtda qarindoshlari yoki yaqinlari yo‘q talabalarning ko‘pchiligi noilojlikdan ko‘cha hamda xiyobonlardagi kursilarda tong orttirgani haqidagi videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Shundan so‘ng muammoni yechish yo‘llarini topish maqsadida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Yangihayot tumanidagi “Tashkent Index” majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli binoni bir hafta muddatda xususiy sherikchilik asosida TTJga aylantirishga ko‘rsatma berdi. 

– Toshkent shahar hokimi tavsiya qilgan Yangihayot tumanida yangi qurilgan “Tashkent Index” savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli binodan universitetimiz uchun 850 ta joy so‘radik, – deydi O‘zbekiston milliy universiteti prorektori, professor Jabbor Muhammadiyev. – Bir hafta o‘n kun ichida xonalarni to‘g‘rilab beramiz, deyishdi. Hozir talabalar kontingentidan kelib chiqqan holda kerakli tavsiyalarni beryapmiz. 500 ta qiz 350 nafar o‘g‘il bolalar uchun joy so‘radik. 

IJARADA TURUVCHI TALABALARNING PULLARI TO‘LAB BERILYAPTIMI? 

2021 yilning sentyabr oyida Hukumat qarori bilan ijara huquqi asosida yashayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan. Qoplab beriladigan to‘lov ijara narxlaridan kelib chiqib belgilanadi.  Yotoqxonalardan joy yetmagan talabalar ijara uylarga joylashib olishadi.

Jabbor Muhammadiyevning ta’kidlashicha, hozirgi paytda 100 ga yaqin tyutor talabalarni Olmazor tumani hududidagi 500 dan ortiq ijara uylarga joylashtirish bilan shug‘ullanyapti. Talabalarni turar joy bilan ta’minlovchi bo‘limda ishlovchi xodimlar ijarachilar bilan bog‘lanib 50 foiz ijara pulini to‘lab berish shartida talabalarni joylashtirish masalasini hal qilmoqda. Ijara shartnomalari har oyning 7 sanasiga qadar universitet ishchi guruhiga tavsiya qilinadi. Ishchi guruh uni tekshirib chiqqanidan so‘ng hisob-kitob bo‘limiga taqdim etadi va bo‘limdagilar ijara pulining 50 foizini plastik kartochkalarga o‘tkazib berishadi.  

Afsuski, ko‘pchilik ijarachilar talabalar bilan ijara shartnomasini tuzishni istashmaydi. Bu jarayon ortiqcha bosh og‘rig‘i, shartnoma tuzsak ortiqcha soliq to‘laymiz, deb o‘ylashadi. Muammoni yechish uchun Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritilib, 2022 yil 1 yanvardan fuqarolarning uy-joylarini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solinmasligi belgilab qo‘yildi. 

XORIJLIK TALABALARGA HAM YOTOQXONA BERILADIMI? 

Bahodir Xoliqovga ko‘ra, universitetda xorijlik talabalarni ham turar joy bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazida tahsil olayotgan talabalarni ham turar joy bilan ta’minlash  universitet zimmasida. Ular o‘quv amaliyotlarini universitet binolarida  o‘tashadi. Xorijlik talabalar uchun ham mazkur universitetda 42 ta o‘rin ajratilgan. Undan tashqari 3 nafar Turkiya, 5 nafar Nepal fuqarosi, Rossiyadan kelib o‘qiyotgan talabalar ham joy bilan ta’minlanishadi. 

KECHKI TA’LIM SHAKLIDA O‘QIYDIGAN TALABAGA NEGA YOTOQXONA BERILMAYDI? 

Mavzu yuzasidan talabalar bilan suhbatlashish maqsadida O‘zbekiston Milliy universitetiga qarashli talabalar turar joyiga bordik.  

Asli samarqandlik Fotima bu yil O‘zMUga birinchi kursga qabul qilingan. Ko‘z kasalliklari bo‘yicha ikkinchi guruh nogironligi borligi sababli unga poytaxtga kelgan kuniyoq 4-sonli yotoqxonadan joy berilgan.  

Yotoqxona yo‘lagi bo‘ylab ketarkanmiz kursilarda o‘tirgan  talabalarni ko‘rib, suhbatga tortdik. Ular kechki ta’lim shaklida o‘qishlari sababli yotoqxona olisholmayotganliklarini aytishdi. Kechki ta’limda o‘qiyotgan talabalarga yotoqxona berilmasligining sabablari nimada

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ul xodimining ma’lumot berishicha, kechki ta’limda o‘qiyotgan talabaga joy berilishi yoki berilmasligi bo‘yicha qoida yo‘q. Kechki ta’limda o‘qiyotgan talabalarning aksariyati oilali, yoshi katta xodimlar hisoblanadi, kunduzi ishlab, kechasi o‘qishadi. Kechki ta’limda o‘qiyotgan talabalarning yoshi, o‘qish vaqti yotoqxona tartib-qoidasiga to‘g‘ri kelsa, belgilangan mezondagi talabalarga yotoqxona berilganidan so‘ng bo‘sh joylar bo‘lsa, ularga ham ajratiladi.  

Xulosa qilib aytganda talaba o‘zining muqim yashaydigan boshpanasiga ega bo‘lmagunicha uning ham, ota-onasining ham ko‘ngli taskin topmaydi. Yashashga joyi yo‘q talabaning o‘qishga ham toqati bo‘lmaydi. Mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida ilm olishga bo‘lgan talab ortib borar ekan, demak, ularni turar joylar bilan ta’minlash masalasi ham tez orada hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalardan biridir. 

 

Nigora Rahmonova,  
O‘zA