Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar hayotimizning barcha jabhalarida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, 15 oktyabrdan mamlakatimiz bo‘ylab umumxalq “Tozalik oyligi” boshlandi. Mazkur keng ko‘lamli tashabbus nafaqat hududlarimizda ozodalik va tartiblilik muhitini mustahkamlash, balki fuqarolarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, tabiatga e’tibor va vatansevarlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu ezgu harakat doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali talabalari ham faol tashabbus ko‘rsatib, “Tozalik oyligi” tadbirlariga keng miqyosda start berdi. Ko‘ngilli talaba-yoshlar tomonidan o‘quv binolari atrofida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda tozalash ishlari amalga oshirildi. Ushbu sa’y-harakatlar davlatimiz rahbari ilgari surgan “Yashil makon” umummilliy harakati g‘oyalari bilan uzviy uyg‘unlikda tashkil etilmoqda.
“Tozalik oyligi” — bu faqat bir kunlik yoki mavsumiy tashabbus emas, balki ekologik madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom va yashil muhitni barpo etishga yo‘naltirilgan uzoq muddatli ma’naviy harakatdir. Shu bois filial jamoasi oylik doirasidagi ishlarga doimiylik bag‘ishlash, talaba-yoshlarni atrof-muhit, suv, havo va yer resurslariga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilab oldi.
Zero, “Toza muhit – sog‘lom jamiyat, obod yurt – farovon hayot kafolati!” degan ezgu g‘oya zamirida Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va tabiatimiz barqarorligini ta’minlashga qaratilgan chuqur ma’naviy mazmun mujassamdir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri