Inson ma’naviy olamini yuksaltirishda, ong va tafakkurini teranlashtirishda teatr san’atining o‘rni beqiyos. Zero, san’at odamlarni ezgulikka chorlaydi, yaxshilikka undaydi, eng go‘zal his-tuyg‘ularni in’om etadi. Teatr shunchaki oddiy tomoshaxona emas, balki tarbiya, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat maskanidir.
Talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida har yili oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida an’anaviy tarzda “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda. Talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularni teatr san’atiga muhabbat ruhida tarbiyalash, jamiyatda uchraydigan ijtimoiy muammolar va salbiy holatlarni sahna ko‘rinishlari orqali keng jamoatchilikka yetkazishda tanlovning o‘rni katta.

Farg‘ona viloyatida ko‘rik-tanlovning final bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirning ochilish marosimida Farg‘ona politexnika instituti prorektori J.Qambarov barcha jamoalarga omad tiladi. So‘ng ishtirokchi jamoalar va hakamlar hay’ati a’zolari tanishtirilib, sahnalashtirilgan asarlarga navbat berildi. Mazkur final bosqichida Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filiali, Xalqaro islom akademiyasi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Farg‘ona politexnika instituti talabalaridan tashkil topgan jamoalar o‘zaro bellashmoqda.

Talaba-yoshlar uch kun davomida sahna chiqishlarini namoyish qiladi. Final bosqichida mezbon jamoa Farg‘ona politexnika institutining "Qirguli" talabalar teatr studiyasi tomonidan spektakl taqdim qilindi. Sahnada rejissyor Azima Yo‘ldosheva tomonidan sahnalashtirilgan "Jaloliddin Manguberdi" spektakli ijro etildi.
M.Sulaymonov, O‘zA