Mamlakatimizda “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilayotgan haftalik doirasida Surxondaryo viloyatida ham uchrashuv, davra suhbati, seminar va boshqa tadbirlar tashkil etilmoqda.
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida shu mavzuda bo‘lib o‘tgan davra suhbati “Biz tazyiq va zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusiga bag‘ishlandi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda ayollar va bolalarni, shuningdek, jamiyatimizning har bir fuqarosini zo‘ravonlikdan himoya qilish davlatimiz belgilab olgan muhim vazifalardan biriga aylandi. Dunyoda tarqalgan bu illatga qarshi immunitet yaratish uchun qonunchilikni takomillashtirib, jabrlanuvchilar uchun samarali himoya mexanizmlarini yaratish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirib, idoralararo hamkorlikni yanada кучайтиришга alohida e’tibor qaratildi. Zo‘ravonlikdan himoya qiladigan qonunlar qabul qilindi. Muhim bu hujjatlarda jabrlanuvchilarning huquqiy-ijtimoiy kafolatlari, tezkor himoya mexanizmlari, javobgarlik choralari aniq belgilab qo‘yilgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi aholiga zarur yordam ko‘rsatish, ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirib, idoralararo hamkorlikni ta’minlashda muhim vazifalarni amalga oshirmoqda.

Davra suhbatida oliy ta’lim muassasasi xotin-qizlar maslahat kengashi raisi N.Xasanova va boshqalar shu haqda atroflicha so‘z yuritib, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, oila, onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Zo‘ravonlik turlari, ayniqsa, kiberhujum, uni keltirib chiqaruvchi omillar, zamonaviy axborot makonida uchrayotgan kiberbosim va ulardan himoyalanish yo‘llari, shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish, yolg‘on sahifalar, onlayn bezorilik kabi holatlar hamda bu kabi zo‘ravonliklarga ko‘riladigan huquqiy choralar xususida fikr almashdi.
Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda talaba-qizlarga raqamli makonda o‘zini himoya qilish, barcha turdagi zo‘ravonlikka duch kelganda to‘g‘ri harakatlanish yuzasidan tavsiyalar bildirildi. Videoroliklar namoyish etildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Shuningdek, institutda o‘tkazilgan “Yoshlar – zo‘ravonlikka qarshi” mavzuiga bag‘ishlangan uchrashuvda ham bu illatning salbiy oqibatlari atroflicha tahlil qilindi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri