Yoshlarni sudlar faoliyati, sohaga doir qonunchilikdagi yangiliklar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Xorazm viloyat sudi binosida navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Unda Urganch davlat universitetida yurisprudensiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarning bir guruhi qatnashdi.
Tadbirda qatnashchilar viloyat sudi binosida tashkil etilgan advokatlar xonasi, prokuror xonasi, fuqarolarni qabul qilish jarayoni, sud majlislar zali hamda sudga tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan boshqa sharoitlar bilan tanishdilar.
Muloqotlarda sud tizimidagi islohotlar va korrupsiyaga qarshi kurashishda sudlarning roli masalalariga ham e’tibor qaratildi.
– Bu kabi tadbirlar bo‘lajak huquqshunoslar uchun nazariy bilimlarini amaliyot orqali yanada mustahkamlash, soha mutaxassislari bilan fikr almashish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi,– deydi viloyat sudining Kadrlar bo‘limi bosh konsultanti S.Salayev. – Shu sababdan bugun talabalarga viloyatimiz sudlarida joriy yilning o‘tgan 11 oyida ko‘rilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlari va aybdorlarga tayinlangan jazo turlari bo‘yicha ham gapirib berildi.
[gallery-26907]
Bo‘lg‘usi huquqshunoslar viloyat sudida ko‘riladigan ishlar toifasi, sudning vakolatlari hamda sud tizimiga ishga kirish tartibi haqida ham ma’lumotlar olishdi.
Shuningdek, “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida sudga murojaat qiluvchi fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan o‘ndan ortiq sud interaktiv xizmatlari, ulardan foydalanish tartibi va "Raqamli sud konsepsiyasi" doirasida mazkur xizmatlarni yanada takomillashtirish jarayonlari ishtirokchilarga to‘liq tushuntirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari