Poytaxtimizda O‘zbekiston talabalar sport assotsiatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya kun tartibida assotsiatsiyaning yangi tahrirdagi Ustavini tasdiqlash, bosh kotibni saylash hamda xalqaro hamkorlik aloqalari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish davomida oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan sport klublari faoliyatini yanada takomillashtirish, sport klubi rais o‘rinbosarlarining kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, talabalar sportini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xarita” belgilab olindi.

Xususan, bundan buyon assotsiatsiya oliy ta’lim muassasalari sport klublarini Butunjahon universitetlari sporti federatsiyasi standartlariga moslashtirish, sport klublarida xalqaro dasturlarni joriy etish hamda ular orqali universitetlarning xalqaro miqyosdagi brendi, imiji va reytingini oshirish borasida takliflar ilgari surildi.
Konferensiya yakunida umumiy ovoz berish natijalariga ko‘ra, sport mutaxassisi Muzaffar Pazilov O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi bosh kotibi etib saylandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA