Andijon shahridagi Universal sport majmuasida Andijon davlat tibbiyot instituti birinchi bosqich talabalari ishtirokida “Talabalikka bag‘ishlov” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlangan tadbir ochilishida institut rektori, professor Madaminjon Madazimov so‘z olib, joriy yilda o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalarini muborakbod etdi.
– Eng avvalo, sizlarni jamoamiz safiga qo‘shilganingiz bilan tabriklayman, – dedi rektor. – Endi biz bir oila, bir jamoamiz. Institut professor-o‘qituvchilari sizlarni orzu-maqsadlaringizga erishishingiz, yetuk mutaxassis bo‘lishingiz uchun bor bilim va salohiyatini ishga soladi. Ana shu yo‘lda biz sizlarni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ishonchim komilki, o‘z oldingizga aniq maqsadlar qo‘yib, berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanasiz, o‘qib, izlanishdan to‘xtamaysiz, faqat olg‘a intilasiz.
Tadbirda talaba yoshlar talabalik qasamyodini qabul qildi. Talabalar nomidan so‘z olganlar qasamyodiga sodiq bo‘lib, o‘qishda ilg‘or bo‘lishga, kelgusida o‘z ishlarining malakali mutaxassisi bo‘lib, xalqimiz salomatligini saqlash, yurtimiz ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qilishga va’da berdi.
– Shifokorlik sharafli va mas’uliyatli kasb, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti davolash fakulteti 1- bosqich talabasi Shahbozbek Bahodirov. – Bugungi tadbirda, ustozlarning so‘zlaridan shifokor mas’uliyatini yanada chuqurroq his etdim. Nasib etsa, biz talaba yoshlar institutni muvaffaqiyatli tamomlab, yetuk shifokor bo‘lamiz. Xalqimizga, yurtimizga munosib xizmat qilamiz.
Tadbir davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyati bo‘limi xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy, qo‘shiqlar, namoyish etilgan badiiy dastur barchaga ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari