Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar Parij xalqaro moda akademiyasida amaliyot o‘taydi
17:55 / 2019-09-26

26 sentabr kuni poytaxtimizda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti va Parij xalqaro moda akademiyasi qo‘shma fakultetining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.


26 sentabr kuni poytaxtimizda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti va Parij xalqaro moda akademiyasi qo‘shma fakultetining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori Adham Bekmurodov, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori Bahodirjon Anorboev, Parij xalqaro moda akademiyasi prezidenti Jan-Filip Voukler, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Kongiratbay Sharipov, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar qatnashdi.

O‘zbekistonda moda industriyasini rivojlantirish uchun Parij xalqaro moda akademiyasi katta maktab sifatida xizmat qiladi. Akademiya moda industriyasi sohasida Markaziy Osiyo bilan ilk bor hamkorlik aloqalarini olib bormoqda. O‘zbekiston esa bu borada birinchi va ishonchli hamkor sifatida sahnaga chiqib keldi.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasi o‘rtasida 2018 yil 22 noyabrda shartnoma imzolangan edi. Shu tariqa institut va Parij xalqaro moda akademiyasi bilan hamkorlikda ta’lim sohasida yangi loyiha ustida ish boshlandi.

– Fransiya – dunyo miqyosida moda industriyasining asoschisi, – dedi Parij xalqaro moda akademiyasi prezidenti Jan-Filip Voukler. – Mashhur moda kompaniyalari o‘z faoliyatlarini Fransiyada boshlagan. Ular hozirgi kunda butun dunyo miqyosida faoliyat olib bormoqda. Dunyoga mashhur dizaynerlar vatani bo‘lmish Fransiya endi O‘zbekiston yoshlari uchun o‘z imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Qo‘shma fakultet O‘zbekiston moda industriyasida yangi sahifa ochib berdi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishiga turtki bo‘ldi.

Parij xalqaro moda akademiyasi 1830 yilda tashkil topgan bo‘lib, erkaklar va ayollar kiyimlarini loyihalash bo‘yicha xalqaro tajribaga ega. Maketlash, dizayn, geometrik konstruksiyalash, shuningdek, andozalarni tayyorlash va kiyim sifatini nazorat qilish bo‘yicha dolzarb talablarga javob beradi. Shu sababli kelajak avlodni tarbiyalashda yetuk mutaxassislar hamda professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish borasida aynan Parij xalqaro moda akademiyasi tanlandi.

– Biz “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasini qo‘lga kiritib, soha bo‘yicha malaka oshirish uchun Parijdagi xalqaro moda akademiyasida 6 oy davomida tajriba oshirdik, – dedi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti katta o‘qituvchisi Nozima Ortiqboeva. – Parijda olgan bilimlarimizni institutdagi yangi qo‘shma fakultet talabalari malakasini oshirish uchun qo‘llaymiz. Fakultetdagi o‘qish dasturi Parij xalqaro liboslarni modellashtirish va konstruksiyalash akademiyasi (AICP) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘qish jarayonida talabalar amaliyotni va malaka oshirishni Parijdagi xalqaro moda akademiyasida o‘tkazishi rejaga kiritilgan.

Qo‘shma fakultetda moddiy-texnik baza to‘liq shakllantirilib, ma’lum talablar asosida 61 nomzod o‘qishga qabul qilindi.