Senat yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziriga talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida vazirlik tomonidan alohida “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, ijroga qaratildi.
Jamoatchilik guruhi profilaktika inspektorlari bilan kelishgan holda talabalar shaharchasi va yotoqxona atrofida 24 soatlik navbatchilik hamda patrullik xizmatini tashkil etdi.

2025/ 2026 o‘quv yilidan boshlab “Ijtimoiy faollik indeksi” joriy etilib, talabalarning ma’naviy-ma’rifiy va sport sohalaridagi faolligi, barcha xatti-harakatlari platforma orqali onlayn baholab borilmoqda.
Joriy o‘quv yilida “Ma’rifat ulashib” hamda “Adabiy- ma’rifiy haftalik” loyihalariga 280 ming, “Islohotlar bilimdoni”, “Kitobxon”, “Ma’rifat maydoni” kabi loyihalarga 450 ming talaba qamrab olindi.
Ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy obidalar, madaniy meros ob’ektlari, teatr va muzeylarga tashriflarini tashkil etish orqali talabalarni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida joriy o‘quv yilida ham tashrif va sayohatlar tashkil etilib, ularga 1 milliondan ortiq talaba-yoshlar jalb etilishi belgilandi.
“Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Universiada” sport musobaqalariga qamrov – 540 mingga yetkazildi.
“Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga 620 ming talaba qamrab olindi.
Oliy ta’lim tashkilotlarining barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun o‘tiladigan “Falsafa” faniga “Korrupsiyaning mohiyati, oqibatlari va unga qarshi kurashish mexanizmlari”, “O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro hamkorligining maqsadlari va yo‘nalishlari” va boshqa mavzular kiritildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish” maxsus o‘quv kursi dasturi asosida barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun jadval asosida 16 soatlik maxsus kurs mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalarga ham e’tibor qaratildi. Oliy ta’lim muassasalari yotoqxonalariga talabalar kirish-chiqishini monitoring qilishni raqamlashtirish maqsadida “Face-ID” kamera va turniketlar o‘rnatish maqsadga muvofiq bo‘lsa-da, huquqiy hujjat qabul qilinmaganligi natijasida ayrim oliy ta’lim tashkilotlarida ushbu tizim o‘rnatilmagan.
Joriy yil 9 oyi davomida talabalar tomonidan 487 jinoyat sodir etilib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga kamaygan bo‘lsa-da, bugungi kunda talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borish hamda ota-onalar bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yetarli e’tibor qaratilmaganligi sababli talabalar o‘rtasidagi jinoyatchilik to‘liq bartaraf qilinmagan.
Senatorlar yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanish lozimligi hamda yoshlarning jinoyat sodir etishining oldini olish bilan birga jinoyatchilikka qarshi kurashish lozimligi haqida fikrlar bildirdi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA