Mamlakatimizda yoshlarga munosib ish o‘rinlarini yaratish, ularning bandligini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida bugungi kunda yoshlar oliy ta’lim muassasalarini tamomlamasdan turib ham mehnat qilish huquqiga ega bo‘lmoqda.
Shu maqsadda Qashqadaryo viloyatida joylashgan Shahrisabz davlat pedagogika institutida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda “Mehnat yarmarkasi – 2025” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida viloyatdagi 16 ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 50 dan ortiq umumta’lim maktablari vakillari ishtirok etdi.
Talaba-yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda eng muhimi bitiruvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda yetakchi tashkilotlar, muassasalar va idoralar vakillari bitiruvchi talabalar bilan bevosita suhbat olib bordi, ularni mavjud ish o‘rinlari bilan tanishtirdi.
“Mehnat yarmarkasi”da talabalar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim qilinib, ish beruvchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, rezyume va hujjatlarni bevosita topshirish, kasbiy maslahatlar va motivatsion uchrashuvlar tashkil etildi.
Ta’kidlash lozimki, Shahrisabz davlat pedagogika institutida bugungi kunda 3 ta fakultet, 14 ta kafedra, bakalavriat (kunduzgi, sirtqi va kechki) ta’lim shakllarida jami 45 ta yo‘nalish, magistratura bosqichida esa 11 ta mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, qo‘shma magistratura dasturi ham mavjud bo‘lib, institutda hozirda jami 9 ming 392 nafar talaba tahsil olmoqda.
2024-2025 o‘quv yilida institutni 2 ming 24 nafar talaba bitirishi kutilmoqda. Ulardan 1 ming 948 nafari kunduzgi bakalavriat, 76 nafari esa magistratura bosqichi talabalaridir.
Tadbir yakunida 103 nafar bitiruvchi talabaning bandligini ta’minlash bo‘yicha ish beruvchilar bilan kelishuvga erishildi.
– Bugungi mehnat yarmarkasi men uchun juda samarali bo‘ldi, – deydi xorijiy til va adabiyot yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Rayhona Bektosheva. – Shahrisabz tumanidagi maktabdan o‘z mutaxassisligim ya’ni ingliz tili fani o‘qituvchiligi bo‘yicha ishga joylashdim. Biz kabi yoshlarga qaratilayotgan bunday e’tibordan mamnunmiz. Endilikda o‘qishni bitirgach, ish qidirib sarson bo‘lib yurmayman.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 2024-yilda institut bitiruvchilarining 95 foizi doimiy ish bilan ta’minlangan. Bu ko‘rsatkich institutda berilayotgan ta’lim sifati, talabalarning amaliy ko‘nikmalari va ish beruvchilar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalarining samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shubhasiz bunday yarmarkalar nafaqat yosh mutaxassislar bandligini ta’minlash, balki ularni mehnat bozoriga tayyorlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri