Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari dadil odimlamoqda
12:56 / 2022-08-02

Dunyoda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechayotgan hozirgi paytda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga e’tiborni kuchaytirish mamlakat taraqqiyotini, yurt kelajagi va xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu ma’noda so‘nggi yillarda mamlakatimizda ma’nan yetuk va jismonan sog‘lom yosh avlodni tarbiyalab, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, izlanish va iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Oliy ta’lim muassasalarida ham Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan talaba-yoshlarning chuqur bilim olishi va o‘z iste’dodini keng namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratildi.  Termiz davlat universitetida bundan atigi besh-olti yil avval o‘nga yaqin fakultetda o‘ttizdan ortiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishi faoliyat yuritgan bo‘lsa, endilikda fakultetlar soni 14 taga yetib, 57 bakalavriat ta’lim yo‘nalishida yetuk mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ularga 43 kafedrada mehnat qilayotgan 750 ga yaqin professor-o‘qituvchilar ilm-fan sirlarini o‘rgatayotir. 

Yakunlangan 2021-2022 o‘quv yilida Surxondaryo viloyatidagi eng yirik oliy ta’lim muassasamizda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 22 ming 78 nafar, 39 ta magistr mutaxassisliklarida 1 ming 215 nafar talaba tahsil oldi. Ularning 120 dan ortig‘i xorijlik yoshlardir. Vaholanki, bundan olti yil muqaddam talabalarimiz soni o‘n ming nafarga ham yetmas edi. Ta’lim muassasamizda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilayotgan e’tibor talaba-yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlab, har taraflama barkamol voyaga yetkazishga, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Xususan, 2021-2022-o‘quv yilida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun ko‘plab qiziqarli davra suhbatlari, adabiy va san’at kechalari, ko‘rgazmalar, seminar, festival, ko‘rik-tanlov va sport musobaqalari tashkil etildi.  

Agar raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, hisobot davrida o‘tkazilgan mazkur tadbirlarning 374 tasi bevosita davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Beshta muhim tashabbus” loyihasi doirasida tashkil etildi. Talabalar o‘rtasida konsert, kitobxonlik, kino, teatr, muzey va boshqa yo‘nalishlarda 236 ta, davra suhbati, uchrashuv, g‘oyaviy targ‘ibot, viktorina, trening, ko‘rik-tanlovlar yo‘nalishida 314 ta tadbir uyushtirildi. 298 ta tadbirda talabalar o‘rtasida universitetning “Odob-axloq qoidalari”, korrupsiogen holatdan ogoh bo‘lish, ekstremizm, aqidaparastlik, “ommaviy madaniyat”, giyohvandlik, OITSga qarshi kurash mavzularida ommaviy targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.  

Shuningdek, talabalarga ijtimoiy-ma’naviy va psixologik yordam ko‘rsatish, ularning ijtimoiy (oilaviy) holatidan ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari xabardorligi bo‘yicha, sport-sog‘lomlashtirish, axloqiy estetik tarbiya masalalari, talabalar turar joylari ichki tartib-qoidalarini tushuntirish kabi masalalarda ham ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Bu boradagi ishlarni keng yo‘lga qo‘yishda tyutorlik tizimi joriy etilgani ayni muddao bo‘ldi. Kelajagimiz egalarining viloyatda o‘tkazilayotgan Mustaqillik, “Navro‘z” umumxalq bayrami, “Boysun bahori” kabi shodiyonalar, “Talabalar bahori”, “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” singari festivallarda faol ishtirok etmoqda. Haftaning har juma kuni talabalar-turar joylarida “Talabalar oqshomi” konsert dasturi o‘tkazish an’anaga aylandi. 

Universitetda talabalardan tashkil topgan “Maqom” ansambli, “Ayyom bend” vokal estrada guruhi, “Surxon sabolari” raqs guruhi, “Dutorchi qizlar” ansambli, “Xalq cholg‘ulari” orkestri, “Jayxun” xalq ansambli, “Ibrat” kinostudiyasi, “Oltin avlod” teatr studiyasi, “Surxon yoshlari” QVZ jamoasi, “Qalqon” mobil-targ‘ibot guruhi, “Talabalar parlamenti” hamda “Zakovat”, “Gumata munozara-debat”, “Qizlarjon”, “Yosh ijodkorlar”, “Yosh volontyorlar” klublari faoliyat yuritmoqda. 

Ta’lim muassasamizda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini oshirish barobarida ta’lim sifatiga e’tiborning kuchaytirilayotgani ma’nan yetuk, chuqur bilim va ko‘nikmaga ega yoshlarni tarbiyalashda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni loyihasi muhokamasida 112 nafar volontyor talabalarimiz faol qatnashib, mahallalarda tushuntirish ishlarini olib bordi. Mavridi kelganda aytish lozimki, bugungi talaba-yoshlar bundan besh-olti yil oldingi bo‘lajak kasb egalari emas. Ularning fikrlash doirasi, izlanish va intilishlari, fanlarga qiziqishlari tubdan o‘zgargan. Eng izlanuvchan talabalar nomdor stipendiyalar sovrindori bo‘lmoqda. Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan turli tanlov va musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallamoqda. Misol uchun “O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” oyligi doirasida Toshkent shahridagi Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkida Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan "Eng yaxshi videoroliklar" tanlovida rus va qardosh tillar fakulteti talabasi Samandar Mengto‘rayev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Iqtisodiyot va turizm fakulteti talabasi Maftuna Ashurova “Eng yaxshi bloger” yo‘nalishida uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yil talabasi – 2021” respublika tanlovida milliy libos va san’at fakulteti talabalari Abdurahmon Abdinazarov “Yilning eng faol ijodkor talabasi” va Barchinoy Karimova “Yilning eng namunali tadbirkor talabasi” nominatsiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. 20 talaba viloyat hokimi stipendiyasi, 42 talaba universitet stipendiyasiga sazovor bo‘ldi.  

Yakunlangan o‘quv yilida talabalarimiz sport turlari bo‘yicha xalqaro va respublika musobaqalarida 71 ta medalni qo‘lga kiritib, xalqaro bellashuvlarda 4 ta oltin, 3 ta kumush, 6 ta bronza medal sohibiga aylandi. Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda a’lo baholarga o‘qiyotgan, jamoat ishlarida faol qatnashayotgan va talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari g‘oliblarini munosib rag‘batlantirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga moddiy yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ham yutuqlar omili bo‘lmoqda. Shunga asosan o‘tgan o‘quv yilida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron, chin yetim, boquvchisini yo‘qotgan, oilasi “Temir daftar”da turuvchi 804 nafar talabalarga ikki stipendiya miqdorida, Vazirlar Mahkamasining 585-qarori ijrosi doirasida universitet mablag‘lari hisobidan 2021-2022-o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan boquvchisini yo‘qotgan 26 nafar muhtoj talaba qizlarning 1 yillik to‘lov-shartnoma mablag‘lari, o‘quv yili davomida fanlarni a’lo baholarda o‘zlashtirgan, jamoatchilik ishlarida, tadbirlarda faol bo‘lgan 676 nafar iqtidorli talabalarning har biriga bir stipendiya, universitetda o‘tkazilgan tanlovlar “Rektor kubogi” sport musobaqalari, Besh muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan onlayn tanlov g‘oliblari bo‘lgan 267 nafar talabaga bir stipendiya miqdorida moddiy rag‘batlantirish berildi. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.  

Lo‘nda qilib aytganda, ta’lim va tarbiyani uzviy ravishda olib borilayotgani yoshlar o‘rtasida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini yigit-qizlar hayotiga izchil tatbiq etishda o‘z samaralarini berayotir. Ayni paytda bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi o‘quv yilida yanada sifatli tashkil etish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

Obid Shofiyev,  

TerDU yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 

birinchi prorektori  

O‘zA