Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar mehnat bozorida o‘z o‘rnini topmoqda
20:00 / 2025-05-15

Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash hamda ularni mehnat bozoriga samarali integratsiya qilish maqsadida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Yarmarkada O‘zbekiston va qator xorijiy davlatlarning 20 ga yaqin yirik kompaniya va tashkilotlari, ish beruvchilar ishtirok etdi. Ular turli sohalardagi bo‘sh ish o‘rinlari, stajirovkalar va kelgusidagi ish imkoniyatlarini taklif etdilar.

Shu bilan birga, tadbirda viloyatdagi tijorat banklari ham qatnashib, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan talabalarga imtiyozli kreditlar, moliyaviy savodxonlik va davlat dasturlari haqida ma’lumotlar berishdi.

Talabalar kompaniya va tashkilot vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, ish sharoitlari, talab etiladigan ko‘nikmalar va lavozimlar xususida aniq ma’lumotlar oldilar. Bu esa ularning kasb tanlashlarida katta ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Xitoy va Turkiya kabi davlatlarning yetakchi kompaniyalari ham yarmarkada ishtirok etdi. Bu talabalarga nafaqat mahalliy, balki xalqaro mehnat bozorida ham o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini yaratdi.

– “‘Karera kuni" – bu bitiruvchilar uchun bilim va salohiyatni namoyon etish, yirik ish beruvchilar bilan muloqot qilish va faoliyatlarini boshlash uchun muhim amaliy platforma bo‘ldi. Buning natijasida 200 nafar bitiruvchi talabamiz o‘zlariga munosib ish joylarini topishdi, – dedi institut filiali direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyev.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri