Toshkent davlat agrar universitetida talaba- yoshlar o‘rtasida “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston "Agrar soha ayollari" uyushmasi, BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad vazirlik tizimidagi 10 ta oliy ta’lim muassasasidagi yoshlarning sohadagi bilimni oshirish, ularning izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashdir.
Mazkur ko‘rik-tanlov 3 bosqichdan iborat bo‘lib, dastlabki universitet va institut bosqichlarida 10 ta oliy ta’lim muassasasidan jami 4 ming 99 nafar talaba-yosh ishtirok etish xohishini bildirgan edi. Shundan 1 ming 851 nafarini xotin-qiz tashkil etdi. Shu bo‘yicha har bir oliygohda fakultetlar bo‘yicha jamoalar shakllantirilib, birinchi (OTM) bosqichi o‘tkazildi. Bunda 44 ta jamoa yakuniy bosqichga yo‘llanma olish uchun harakat qildi. Final bosqichida esa 5 ta jamoadan 30 nafar yosh 2 ta shart bo‘yicha bellashdi.
[gallery-17857]
Barcha jamoalarning innovatsion agroloyihalari hakamlar tomonidan baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni – Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali-"KELAJAK YOSHLARI" jamoasi ko‘lga kiritdi. Ularga birinchi darajali diplom va Yevropaga ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun yo‘llanma berildi.
Ikkinchi o‘ringa Toshkent davlat agrar universitetining " AGROUNION" jamoasi munosib ko‘rildi. Uchinchi o‘rinni Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining "AGRODOCTOR" jamoasi egalladi.
Tashkilotchilar tomonidan barcha jamoalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri