Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti 1-sonli talabalar turar joyida Qoraqalpoq xalqining milliy taomi – jo‘xori gurtik tayyorlash bo‘yicha tanlov o‘tkazildi.
– Har yili ushbu bayramda talabalar bilan birgalikda jo‘xori gurtik tayyorlab, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan urf-odatlar, an’analar va qadriyatlar haqida suhbatlashamiz, o‘zaro fikr almashib, tariximiz va madaniyatimiz haqida ma’lumotlar beramiz. Bu bayram viloyatlardan kelgan talabalar o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ular jo‘xori gurtik va uning tayyorlanishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Albatta, bu bayram orqali biz yurtimizning o‘ziga xos madaniyati, tarixi, urf-odatlari va milliy taomning dunyoga tanilishga hissa qo‘shamiz, – deydi pedagog-tarbiyachi Muhabbat Abdimuratova.


Tanlov doirasida talaba-yoshlar birgalikda milliy taom – jo‘xori gurtikni tayyorlab, bayram dasturxoniga tortildi. Ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2023-yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasida jamoatchilik tashabbusi asosida 25-fevral “Jo‘xori gurtik kuni” sifatida aholi o‘rtasida keng nishonlanib kelinmoqda. Albatta, bunday tashabbuslar ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan an’analarni kelgusi avlodlarga yetkazish, millatlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.