Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mutaxassislari ishtirokida Toshkent davlat yuridik universitetida talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvni o‘tkazishdan maqsad Ombudsman va TDYUU o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida tuzilgan “Ombudsman klubi”ga a’zo bo‘lish istagida bo‘lgan talabalarni Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va ular bilan o‘zaro fikr almashishdir.
Tadbirda Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman institutining vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlari, qiynoqlarga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va “Ombudsman klubi” a’zolarining Vakil faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda murojaatlar bilan ishlashdagi ishtiroki haqida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, “Ombudsman klubi” a’zolari darsdan so‘ng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirishi va amaliyot o‘tashi mumkin.
Uchrashuv savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Ombudsman klubi”ga TDYUUning 2-4 kurs talabalari va 1-2 kurs magistrantlari qabul qilinishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA