Ma’lumki, 2026-yil 23-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida muhim tashabbus ilgari surilgan edi.
Unda mamlakatimizda arxitektura yo‘nalishida har yili minglab mutaxassislar tayyorlanayotgani, ularni “og‘ir” mahallalar bosh rejalarini ishlab chiqish jarayoniga jalb qilish orqali yoshlar uchun katta amaliyot va tajriba maktabini yaratish mumkinligi ta’kidlangan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur tashabbus ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatidagi 114 ta “og‘ir” mahalla bosh rejasini ishlab chiqish uchun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining arxitektura va qurilish yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-4 bosqich talabalari, magistrantlar va doktorantlardan iborat 600 nafardan ortiq yosh mutaxassis saralab olindi va mahallalarga biriktirildi.

Talabalar mahallalarning infratuzilmasi va ijtimoiy holatini chuqur o‘rganib, yo‘l hamda kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, yashil hududlarni kengaytirish, ijtimoiy ob’ektlar barpo etish va kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqdi. Ushbu loyihalar hududlarni kompleks rivojlantirish bilan birga, kambag‘allikni qisqartirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.


Viloyat mutasaddilari talabalar bilan dastlabki uchrashuvlarda berilgan tavsiyalar asosida takomillashtirilgan loyihalarni joyida ko‘rib chiqib, amaliy ishlarga start berdi. Namunali natijalarga erishgan 20 nafar talaba esa tajriba almashish maqsadida xorijga yuborilishi rejalashtirilgan.


Muhimi, bu jarayon ta’lim tizimi bilan to‘liq uyg‘unlashtirildi. Bakalavr talabalar ishlab chiqarish amaliyotini mahallalar bosh rejalarini ishlab chiqish orqali o‘tamoqda. Magistrantlar o‘z ilmiy-tadqiqot ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini mahallalar muammolariga bag‘ishlayotgan bo‘lsa, doktorantlar hududiy rivojlanish, infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik masalalarini chuqur tahlil qilmoqda.


Shu tariqa ta’lim, ilm va amaliyot o‘zaro uyg‘unlashgan yagona tizim shakllanib, talabalar g‘oyalari amalda mahallalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA