Andijon davlat chet tillari institutida “Gender tengligi – barqaror rivojlanish asoslaridan biri” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoshidagi Fuqarolik jamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti asosida “Iqbol” gazetasi tahririyati hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida o‘tkazilgan seminarda Oliy Majlis qoshidagi jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari Zarifaxon Ahmedova, institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Zebuniso Qobulova, loyiha tashkilotchilari, ekspertlari, institut professor-o‘qituvchilari, talabalari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda, xususan, viloyatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
- “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 25- maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar o‘z ifodasini topgan, - deydi Oliy Majlis qoshidagi jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari Zarifaxon Ahmedova. – Mazkur loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘tkazilayotgan tadbirlar viloyatda ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga ma’lum darajada hissa qo‘shadi.
Seminarda tashkilotchilar tomonidan loyihaning ahamiyati, mazmun-mohiyati, loyiha doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar, hamkorlik haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng Andijon davlat chet tillari instituti professori, pedagogika fanlari doktori Xabibaxon Jo‘rabekovaning “Gender tenglikning huquqiy asoslari” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Talabalar ma’ruza yuzasidan o‘tkazilgan savol-javoblarda faol qatnashdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Ishtirokchilar tomonidan gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
[gallery-27539]
Seminar ishtirokchilariga loyiha doirasida chop etilgan gazeta nusxalari, mavzuga oid bukletlar tarqatildi, bir guruh faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ushbu seminar talabalarning gender tengligi, uning huquqiy asoslariga oid bilim va tushunchalarini yanada boyitdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA