Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar elchi bilan uchrashdi (+video)
10:37 / 2024-02-12

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Irqiy bir guruh talabalar bilan uchrashdi.

Samimiy muloqot davomida Jazoirdagi Vodiy universiteti tillar va san’at fakultetida to‘rt oy davom etgan tezkor o‘quv kursida arab tili fonetikasi va grammatikasi, adabiyoti, hattotlik san’ati kabi fanlarni o‘rgangan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 11 nafar talabasi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Elchi “Ўзбекистон-2030” strategiyasiYoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish” maqsadi, “Har yili 500 nafar iste’dodli yoshni nufuzli xorij oliygohlariga o‘qishga yuborish” yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni olqishlab, O‘zDJTU rahbariyati, arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Kamola Qodirova hamda o‘qituvchi doktor Ahmad Az-Zubaydiy tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Jamoaga xalqaro hamkorlik faoliyatida muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, o‘zbekistonlik talabalarni arab og‘zaki va yozma tili, grammatikasi, adabiyotini puxta o‘zlashtirgani bilan tabriklab, kurs davomida ularga yetakchilik qilgan o‘qituvchi Oygul Umurzoqovaga minnatdorlik bildirdi.

Talabalar Vodiy universiteti rektori, professor Umar Farhodiy rahbarligidagi ma’muriyat xodimlari, professor ustoz-muallimlarga minnatdorlik izhor etarkan, Jazoirda bo‘lib o‘tgan 26-xalqaro kitob ko‘rgazmasidan olgan taassurotlarini hayrat bilan so‘zlab berishdi.

61 mamlakatdan qariyb 1 300 nashriyot ishtirok etgan tadbir “Afrika o‘z kelajagini yozadi” shiori ostida o‘tgani, ko‘rgazma taniqli yozuvchilar, ziyolilar, faol talabalarni birlashtirgani e’tirof etildi.

– Jazoirdagi Qusantina shahri go‘zalligi bilan meni maftun qildi, – deydi Sharq filologiyasi fakulteti 2-bosqich talabasi Shodiya Mahmudjonova. – Ko‘plab madaniy va tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor manzillar, xususan, qadimiy va zamonaviy san’at namunalarini uyg‘unlashtirgan Gustav Merce muzeyi, Abdul Hamid bin Badis masjidi, Masinisa maqbarasi, Bey Konstantin saroyi, Antoniy davriga mansub qadimgi Rim kanali xarobalari, Chuqur kanon, maftunkor tog‘lar, 1221 yil qurilgan masjid, qadim ko‘priklar barchamizda chuqur taassurot qoldirdi. Shaxsan, men ertakka tushib qolgandek his qildim o‘zimni. Qusantinada 2013 yil ishga tushirilgan tramvayda sayr ham o‘zgacha shukuh berarkan kishiga.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/hcj_44Uxm80" title="Talabalar elchi bilan uchrashdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘zbekistonlik talabalar Jazoir tarixi, madaniyati, san’ati va an’anaviy taomlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni arab tilida o‘qib, o‘zlashtirishgani ham diqqatga sazvor.

Muharrama Pirmatova,

Abror Sodiqov (video, surat), O‘zA