Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Talabalar biznes-tashabbuslar bilan ishtirok etdi
18:47 / 2025-07-31

“Kelajakka qadam” dasturi, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati, Savdo-sanoat palatasi, Andijon viloyati hokimligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida Andijon davlat universitetida “Talaba Expo – 2025” kasblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari, texnikumlarning bitiruvchi va yuqori bosqich talabalari ishtirok etdi. 

Ko‘rgazma ochilishida mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi. 

320 dan ziyod ish beruvchilar 2 ming 100 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan ko‘rgazmada, ko‘plab tashkilotlar mutasaddilari yuqori bosqich talabalari bilan amaliyot o‘tash bo‘yicha suhbatlar o‘tkazdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, bitiruvchilarning ishga joylashishiga, kasbiy yo‘lini belgilab olishlariga ko‘maklashish hamda biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir.

[gallery-24565]

– Andijon davlat pedagogika instituti bitiruvchisiman. Kasblar ko‘rgazmasiga o‘z tadbirkorligimni kengaytirish bo‘yicha biznes-loyiham bilan keldim. Hozirda Izboskan tumani Obod mahallasidagi seximizda mosh va loviya qayta ishlanib, undan olingan un qadoqlanib Xitoyga eksport qilinadi. Sexni kengaytirish bo‘yicha taqdim etgan loyiham ma’qullanib, “Milliy bank” tomonidan 176 million so‘m kredit ajratiladigan bo‘ldi, – deydi Muqaddas Sodiqova. 

Shuningdek, tadbir doirasida “O‘zmilliybank” AJ  bank mahsulotlari taqdimoti o‘tkazildi. Ko‘rgazmada bitiruvchi talabalarning innovatsion va startap loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 

Tashkil etilgan ushbu taqdimotda o‘z loyihalari bilan qatnashgan Andijon davlat tibbiyot institutining davolash fakulteti talabasi Mohimbonu Mahmudova 800 million so‘m, stomatologiya fakulteti talabasi Sanjarbek Nusratullayev 135 million so‘m, farmatsevtika fakulteti talabasi Farangiz Otaxonova ham 800 million so‘mlik vaucherni qo‘lga kiritdi.

Kasblar ko‘rgazmasida 9 ming 200 nafardan ziyod bitiruvchi va yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi. Shundan 2 ming 459 nafar ishtirokchi ish beruvchilar bilan suhbatda bo‘ldi, 1 ming 31 nafar talaba ishga joylashish bo‘yicha shartnoma imzoladi hamda 72 nafar ishtirokchi esa o‘zining biznes-loyihalarini taqdim etdi. 

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.