Namangan davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Sobitxon Turg‘unov biotexnologiya fakultetida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar bilan “Rektor va yoshlar” uchrashuvining dastlabkisini o‘tkazdi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan tadbirda ta’lim sifatini yanada oshirish, ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish va talabalar bilan o‘zaro fikr almashishga alohida e’tibor qaratildi. Rektor fakultetning rivojlanish yo‘nalishlari, mavjud imkoniyatlar va shu yilda amalga oshiriladigan rejalar haqida so‘z yuritdi.

Biotexnologiya fakultetida ayni vaqtda 1 ming 114 nafar talaba tahsil olmoqda. Ular orasida Islom Karimov, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi sohiblari hamda turli tanlov, musobaqalar g‘oliblari ko‘pchilikni tashkil etadi. Biologiya va biotexnologiya kafedralarida 90 nafardan ziyod professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib kelmoqda.

Bugungi kunda jami 11 ta yo‘nalish bo‘lib, fakultet Belarus oziq-ovqat instituti, Moskva biotexnologiya instituti, Xo‘jand davlat universiteti va Xitoyning Kumming botanika instituti bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Uchrashuvda professor-o‘qituvchilar tomonidan fakultetda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, dars jarayonlarida innovatsion yondashuvlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

2025 yilning birinchi choragida Xitoyning Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan bevosita integratsiyasini ta’minlash maqsadida biotexnologiya va mikrobiologiya, biokimyo va molekulyar biologiya, botanika, zoologiya singari yo‘nalishlarda o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni ochish ishlari yakunlanadi.

Buning natijasida, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bioxilma-xillikni muhofaza qilish va resurslardan barqaror foydalanish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish, o‘zgaruvchan muhitlarga chidamli o‘simliklarni biotexnologik usullarda ko‘paytirishga yo‘naltirilgan tadqiqotlar olib borish imkoniyati yuzaga keladi.

Muloqotda professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning fikr-mulohazalari, takliflari ham tinglandi. Talabalarni yanada faol bo‘lishga tashabbuslari har doim qo‘llab-quvvatlanishi qayd etildi. Yosh olimlar uchun grant dasturlari, laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash va talabalarni amaliyot bilan yaqindan tanishtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida, o‘tgan yil davomida namunali ish tashkil etgan bir guruh professor-o‘qituvchilar va nomdor stipendiyalar sohiblari va faol talabalar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bir guruh talabalarga universitet qoshidagi “Til markazi”da ingliz tilini bepul o‘rganish imkoniyati taqdim etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA